Sirdaryoda 3 kishi quduqdagi gazdan zaharlanib vafot etdi

3-sahifa

image

Joriy yilning 22 may kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida  uch kishi quduqdagi gazdan zaharlanib vafot etdi. Bu haqdagi ma’lumotni Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga tasdiqladi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu holat tumanning “Do‘stlik” MFY Shirin ko‘chasida sodir bo‘lgan. 1958 yilda tug‘ilgan fuqaro yashash xonadonidagi sizot suvlarini saqlovchi quduqni (chuqurligi 5 metr) tozalash maqsadida tushib, quduqda hosil bo‘lgan zaharli gazdan nafas olishi oqibatida vafot etgan.

Uni qutqarish maqsadida quduqqa tushgan 1986 yilda tug‘ilgan farzandi va 1979 yilda tug‘ilgan qo‘shnisi ham gazdan zaharlanish oqibatida vafot etgan, ularni qutqarish maqsadida ushbu quduqqa tushgan yana ikki nafar fuqaro zaharli gazdan nafas olishi oqibatida sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan.

Sayxunobod tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan yordami natijasida fuqarolar murdasi hamda zaharli gazdan hushini yo‘qotganlar quduqdan olib chiqilgan.

Ko‘rsatilgan tibbiy yordam natijasida ikki fuqaroning hayoti saqlab qolingan va Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.

Bildirilishicha, holat yuzasidan Sayxunobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida ota-ona va ularning farzandi is gazidan zaharlanib vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

gaz Sirdaryo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing