Sirdaryoda hokim o‘rinbosari, Toshkent va Farg‘onada fermerlar pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
20 iyun
8373Sirdaryoda hokim o‘rinbosari, Toshkent va Farg‘ona viloyatida fermer xo‘jaligi rahbarlari pora bilan ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan tadbirkorga Sardoba tumani hududidan 6 gektar yer maydoni olib berish evaziga 20 ming AQSH dollari hamda viloyat O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan va Sayxunobod tumani hududida joylashgan 50 sotix yer maydonini yengil konstruksiya ko‘rinishida qurilish qilishi uchun ijara shartnomasi asosida rasmiylashtirib berish evaziga 5 ming AQSH dollari, jami 25 ming AQSH dollari talab qiladi. Tezkor tadbirda mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan fermer xo‘jaligi rahbari xo‘jalikning 3,37 gektar yerini hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan qo‘shimcha yer maydoni – jami 7 gektar yer maydonini sirdaryolik xaridorga 2 mln AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 200 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Bundan tashqari, Yangiyo‘l tumanida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs o‘g‘lining nomida bo‘lgan MCHJga investitsiya kiritish sharti bilan issiqxona qurish uchun tuman hududidan ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini hokimiyat tizimidagi mansabdor tanishlari orqali, 50 ta kottej qurmoqchi bo‘lgan xaridor nomiga o‘tkazib berish evaziga 500 ming AQSH dollari, shuningdek, turmush o‘rtog‘ining nomidagi MCHJga qarashli Yangiyo‘l shahrida joylashgan bino va uning 486 metr kv yer maydonini ham xaridorga sotish va u yerda 12 qavatli uy qurishi uchun mas’ul idoralardan ruxsat olib berish evaziga 440 ming AQSH dollari, jami 940 ming AQSH dollari talab qilgan. Ammo u so‘ralgan pul mablag‘idan 400 ming AQSH dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu bilan birga, viloyatning Yangiyo‘l shahrida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan shaxs aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, unga “Xalq banki”ning viloyat filiali balansida turgan va “Ye-Auksion” portali orqali savdoga chiqarilgan – Quyi Chirchiq tumanidagi 13,05 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali olib berish evaziga 260 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 130 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi fermer xo‘jalik rahbari esa tuman hokimining 2015 yildagi qarori bilan paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishida foydalanish uchun ajratib berilgan yer maydonining 5,5 gektar qismini xaridorga 150 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, kelgusida yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qiladi. U so‘ralgan jami 190 ming AQSH dollaridan 120 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.