Sinner Jokovichni mag‘lub etib, “Uimbldon” finaliga chiqdi
Sport
−
08:54 431 2 daqiqa
Italiyalik tennischi Yannik Sinner serbiyalik Novak Jokovichni mag‘lub etib, ketma-ket ikkinchi marta “Uimbldon” turniri finaliga yo‘l oldi. Musobaqa Angliya poytaxti Londonda bo‘lib o‘tmoqda.
Uchrashuv dunyoning birinchi raqamli tennischisi Sinnerning 6/4, 6/4, 6/4 hisobidagi ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi. Jokovich esa musobaqada 7-raqam ostida tasniflangan edi.
Endi Sinner chempionlik uchun germaniyalik Aleksandr Zverevga qarshi kortga chiqadi. Final bahsi ertaga, 12 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
24 yoshli Yannik Sinner hozirgi kunda ATP reytingi peshqadami hisoblanadi. U faoliyati davomida ATPning yakkalik bahslarida 29 ta chempionlikni qo‘lga kiritgan. Italiyalik tennischi to‘rt karra “Katta dubulg‘a” turniri g‘olibi bo‘lib, “Avstraliya ochiq chempionati”da ikki marta (2024, 2025), “US Open”da bir marta (2024) va “Uimbldon”da bir marta (2025) zafar quchgan. Shuningdek, u Italiya terma jamoasi bilan 2023 va 2024 yillarda Devis kubogini qo‘lga kiritgan.
39 yoshli Novak Jokovich ATP reytingida sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi. Serbiyalik tennischi faoliyati davomida ATP yakkalik bahslarida 101 ta chempionlikni qo‘lga kiritgan. Shulardan 24 tasi “Katta dubulg‘a” turnirlari bo‘lib, bu erkaklar yakkalik bahslari tarixidagi eng yaxshi natija hisoblanadi. U 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlari chempioni, 2008 yilgi Olimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi hamda 2010 yilgi Devis kubogi g‘olibidir. Shuningdek, Jokovich dunyo birinchi raqamli tennischisi sifatida 428 hafta o‘tkazgani bilan ham rekord o‘rnatgan.
Ma’lumot uchun, “Uimbldon” mavsumning uchinchi “Katta dubulg‘a” turniri hisoblanadi. Musobaqa maysa qoplamali kortlarda o‘tkaziladi va ertaga, 12 iyul kuni yakunlanadi. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 64,2 million funt sterlingni tashkil etadi.
Live
Barchasi