Dunyoning birinchi raketkasi “US Open”ni o‘tkazib yuboradi
Sport
−
09:42 301 2 daqiqa
Dunyoning birinchi raqamli tennischisi, italiyalik Yannik Sinner AQSH ochiq chempionati – “US Open-2026” musobaqasida ishtirok etmaydi. Bu haqda u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“Jamoam va tibbiy xodimlar bilan astoydil ishlaganimizga qaramay, qiyin qaror qabul qilishimizga to‘g‘ri keldi: men bu yilgi “US Open” musobaqasida ishtirok eta olmayman. So‘nggi bir necha kun ichida Monte-Karloda kortga qaytdik va o‘ng tizzamdagi muammodan tiklanish uchun hali ko‘proq vaqt kerakligini angladik. Albatta, juda xafaman va ko‘nglim qoldi, chunki Nyu-York qalbimda alohida o‘rin tutadi”, deb yozdi Sinner.
Musobaqa arafasida italiyalik tennischi o‘ng tizzasidagi jarohat sabab Monreal va Sinsinnatida o‘tkazilgan “Masters” turnirlarida ishtirok etishdan voz kechgan edi.
Ma’lumot uchun, 25 yoshli Sinner hozirda ATP reytingida yetakchilik qilmoqda. U faoliyati davomida ATP turnirlarida yakkalik bahslarida 30 ta chempionlikni qo‘lga kiritgan.
Italiyalik tennischi “Katta dubulg‘a” turnirlarida besh marta chempion bo‘lgan. U ikki marta Avstraliya ochiq chempionati (2024, 2025) va Uimbldon (2025, 2026), shuningdek, “US Open” (2024) g‘olibiga aylangan.
Sinner, shuningdek, ikki karra ATP finali chempioni (2024, 2025) va Devis kubogi g‘olibi (2023, 2024) hisoblanadi.
“US Open” mavsumning so‘nggi “Katta dubulg‘a” turniri bo‘lib, joriy yilning 30 avgustdan 13 sentyabrga qadar Nyu-Yorkda o‘tkaziladi. Musobaqa qattiq qoplamali kortlarda bo‘lib o‘tadi. O‘tgan mavsumda Sinner “US Open” finalida ispaniyalik Karlos Alkarasga mag‘lub bo‘lgan edi.
Live
Barchasi