Singapur Prezidenti O‘zbekistonga oddiy reys bilan keldi. Davlat rahbarining shaxsiy samolyoti yo‘qmi? 

Jamiyat

image

Kecha, 23 may kuni Singapur Prezidenti Halima Yoqub ikki kunlik davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Prezidentni O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova va boshqa rasmiylar aeroportda kutib oldi. Rasmiy kutib olish marosimidan olingan suratlardan ko‘rish mumkinki, Halima Yoqub Toshkentga alohida maxsus samolyot bilan emas, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining reysi bilan kelgan.

Davlat rahbari O‘zbekistonga kelishidan oldin Qozog‘istonda ham bo‘ldi. Qozog‘iston Prezidenti matbuot xizmatida Singapur yetakchisining Ostonaga tashrifidan e’lon qilingan suratlarda ham uning shaxsiy samolyoti ko‘rinmaydi. Gap shundaki, Halima Yoqub Qozog‘istonga o‘zining boshqa xorijiy safarlarida bo‘lgani singari tijoriy reys bilan kelgan.

Umuman olganda, Singapur Prezidentidan tashqari mamlakatning boshqa yuqori mansabdorlari, jumladan, Bosh vazir hamda hukumat vakillari ham tijoriy reyslarda parvoz qiladi. Bunda asosan Singapore Airlines aviakompaniyasining yoki boriladigan manzilgan qarab boshqa aviakompaniyaning reyslariga ishonch bildiriladi. Bundan tashqari, ehtiyoj tug‘ilganda Singapur havo kuchlarining maxsus jihozlangan Airbus A330 MRTT va Fokker 50 samolyotlaridan ham foydalanilishi mumkin.

Masalan, shu yilning mart oyi oxirida Singapur va Malayziya Bosh vazirlari Xitoyga bir vaqtda tashrif buyurdi. Bunda Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Pekinga hukumat diplomatik kontingentiga xizmat ko‘rsatuvchi maxsus samolyotda borgan bo‘lsa, Li Syan Lun dastlab Singapore Airlines samolyoti bilan Guanchjouga qo‘ndi. So‘ngra Xitoyning Hainan Airlines samolyoti bilan Pekinga uchdi.

Kamchiqim safar qilishni ma’qul ko‘radigan Halima Yoqub joriy yilning 20 mart sanasida Malayziyaga borganida ham oddiy reysdan foydalangan. Singapur Prezidenti may oyining boshida Buyuk Britaniyaga tashrif buyurib, qirol Charlz III ning toj kiyish marosimida qatnashdi. Bu tashrifda ham u alohida samolyotda uchmagan.

Ma’lumot uchun, Singapur iqtisodiy jihatdan dunyoning eng boy davlatlaridan biri hisoblanadi. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 447 milliard dollarni tashkil etadi. Bu O‘zbekistonnikiga nisbatan qariyb 5,5 baravar yuqori degani. Aholi jon boshiga daromad miqdori 91,1 ming dollarga to‘g‘ri keladi. Solishtirish uchun, O‘zbekistonda bu miqdor 2255 dollar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksika Prezidenti o‘zining xarajatlarini qisqartirish maqsadida hashamatli samolyotini 90 million dollarga Tojikiston hukumatiga sotgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Singapur Halima Yoqub

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing