Sibiga Suriyada Jo‘loniy bilan uchrashdi (video)

Olam

image

Bugun, 30 dekabr kuni Suriyaning yangi rahbari Ahmad ash-Sharo (Muhammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan) mamlakat poytaxti Damashqda Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu uchrashuv Ukraina tomonidan Suriyaga “Ukrainadan don” tashabbusi doirasida birinchi gumanitar oziq-ovqat yordamining yuborilishi bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, 500 tonna bug‘doy uni Suriyaga BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi bilan hamkorlikda jo‘natilgan. Don va yog‘-moy mahsulotlarini yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biri hisoblangan Ukraina Suriyada Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilgach, mamlakat bilan aloqalarni tiklashni maqsad qilmoqda.

Bashar Asad hukumatining boshqaruvi davrida Suriya Rossiyadan bug‘doy import qilgan, ammo yangi hukumat sharoitida to‘lovlardagi kechikishlar va siyosiy noaniqlik sababli bu jarayon to‘xtatilgan. Rossiya va Suriyaga qarshi qo‘llanilgan G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun yaratilgan moliyaviy va logistika tizimlari hozirgi paytda qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Bu jarayon Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalari – Latakiyadagi Xmeymim aviabazasi va Tartus dengiz inshootining kelajakdagi maqomi borasida savollarni yuzaga keltirgan. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu bazalarning maqomi Damashqdagi yangi hukumat bilan muzokaralarda muhokama qilinishini ta’kidlagan. Ahmad ash-Sharo esa Suriya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro manfaatlarga xizmat qilishi lozimligini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Husayn ash-Sharo Rossiya bilan aloqalarni saqlab qolish niyatida ekanini aytib, mamlakatda to‘rt yil ichida saylovlar o‘tkazishga va’da bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Andrey Sibiga Ahmad ash-Sharo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing