Si Szinpin AQSH va Xitoy o‘rtasidagi eng nozik masalani aytdi
Olam
−
19 mart 2022
22600Xitoy-AQSH munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik uchun Tayvan masalasini to‘g‘ri hal qilish kerak. Bu haqda Xitoy rahbari Si Szinpin kecha, 18 mart kuni o‘tkazilgan suhbatda AQSH Prezidenti Jo Baydenga aytgan.
Xitoy tomoniga ko‘ra, Tayvan AQSH bilan munosabatlardagi eng nozik va muhim masala.
“Qo‘shma Shtatlardagi ba’zi shaxslar Tayvandagi mustaqillik tarafdori bo‘lgan kuchlarga noto‘g‘ri signallar yubormoqda va bu juda xavfli. Agar Tayvan masalasi to‘g‘ri hal etilmasa, bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga buzg‘unchi ta’sir ko‘rsatadi”, degan Si Szinpin.
Oq uy bayonotida aytilishicha, Bayden Xitoy rahbari bilan suhbatda AQSHning Tayvanga nisbatan siyosati o‘zgarmaganini yana bir bor ta’kidlagan.
Xitoy tomoni esa, AQSH masalaga yetarlicha e’tibor qaratadi degan umidda.
Si Szinpin, shuningdek, Baydenga Ukrainadagi urush imkon qadar tezroq yakunlanishi kerakligini aytgan.
“Barcha tomonlar Rossiya-Ukraina muloqotini birgalikda qo‘llab-quvvatlashi kerak, Qo‘shma Shtatlar va NATO ham Rossiya bilan muzokaralar olib borishi kerak”, degan Si Szinpin.
Ma’lumot o‘rnida, Vashington rasmiy diplomatik aloqalarga ega bo‘lmasa ham Tayvanning eng muhim xalqaro qo‘llab-quvvatlovchisi va qurol yetkazib beruvchisi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlangan kun — 24 fevralda Xitoyning to‘qqizta samolyoti Tayvan hududiga kirgandi.
XXR markaziy hukumati va Tayvan o‘rtasidagi rasmiy munosabatlar 1949 yilda, Xitoy Kommunistik partiyasi bilan fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragan Chang Kayshi boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlari Tayvanga ko‘chib o‘tgandan so‘ng uzilgan. Orol va materik Xitoy o‘rtasidagi biznes va norasmiy aloqalar 1980-yillarning oxirida qayta tiklandi. 1990-yillarning boshidan boshlab tomonlar nodavlat tashkilotlar - Tayvan bo‘g‘ozi orqali aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha Pekin assotsiatsiyasi va Bo‘g‘ozlar bo‘ylab almashinuv bo‘yicha Taypey jamg‘armasi orqali aloqa o‘rnatishni boshladilar.