Si Szinpin 11 yil ichida ilk bor AQSHga boradi
Olam
−
15:38 984 2 daqiqa
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin joriy yilning 23-25 sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ladi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
“XXR Raisi Si Szinpin 23-25 sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlariga tashrif buyuradi”, deyiladi Xitoy tashqi siyosat idorasi axborotida.
Qayd etilishicha, tashrif AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan amalga oshirilmoqda. Amerika yetakchisi joriy yilning may oyida XXRga qilgan tashrifi chog‘ida Xitoy rahbari va uning rafiqasini mamlakatga borishga taklif etgan.
Tashrifning markaziy voqeasi Si Szinpin va Donald Trampning uchrashuvi bo‘ladi. Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarni, shuningdek, dolzarb xalqaro masalalarni muhokama qilishni rejalashtirmoqda.
“XXR Raisi Si Szinpin AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Xitoy-Amerika munosabatlariga, shuningdek, global tinchlik va taraqqiyotga oid asosiy masalalar bo‘yicha atroflicha fikr almashadi”, deb xabar berdi XXR TIV.
Ma’lumot uchun, bo‘lajak tashrif Si Szinpinning so‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt ichidagi AQSHga ilk tashrifi bo‘ladi. U oxirgi marta mamlakatga 2015 yilning sentyabrida, Amerika administratsiyasiga Barak Obama rahbarlik qilayotgan paytda tashrif buyurgan.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp joriy yilning 14 va 15 may kunlari Si Szinpin bilan uchrashish uchun Xitoyga tashrif buyurgandi. Tramp undan oldingi Xitoyga tashrifini o‘zining birinchi prezidentlik davrida – 2017 yilning 8-10 noyabr kunlari amalga oshirgan.
Live
Barchasi