Tramp qariyb 10 yildan so‘ng ilk bor Xitoyga boradi
Olam
−
26 mart 1666 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 14 va 15 may kunlari Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan uchrashish uchun Xitoyga tashrif buyuradi. Bu haqda Oq uydagi manbaga tayanib, BBC xabar berdi.
Shuningdek, Oq uy rahbari ham rasmiy tashrif to‘g‘risida o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozgan.
“Tarixiy tashrif uchun barcha tayyorgarliklar o‘z nihoyasiga yetmoqda”, deydi Tramp.
Biroq u tashrifning aniq sanasi va tafsilotlarini ochiqlamagan.
Kecha, 25 mart kuni esa Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt jurnalistlar ishtirokidagi matbuot anjumanida uchrashuv sanasini tasdiqlagan.
“Rais Si hozirgi tahlikali pallada ushbu uchrashuvning ahamiyatini anglab yetganiga ishonaman”, deydi u.
Shunga qaramay, rasmiy Pekin Si Szinpinning may oyidagi uchrashuvlari haqida hali ma’lumot bermagan.
Bugun, 26 mart kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Lin Szyan jurnalistlar bilan uchrashuvda har ikkala tomonning Prezident Trampning Xitoyga tashrifi borasida muloqot olib borayotganligi hamda oliy darajadagi muzokaralar strategik yo‘naltiruvchi rol o‘ynashini qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Tramp Xitoyga ilk va so‘nggi tashrifini o‘zining birinchi prezidentlik davrida – 2017 yilning 8-10 noyabr kunlari amalga oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, dastavval Trampning Xitoyga rasmiy tashrifi joriy yilning 31 mart sanasiga rejalashtirilgan edi. Ammo Isroil va Qo‘shma Shtatlarning Eronga hujumi fonida safar boshqa sanaga kechiktirildi.
Tramp so‘nggi marotaba Si Szinpin bilan 2025 yilning 30 oktyabrida Janubiy Koreyaning Kyongdju shahrida bo‘lib o‘tgan “APEC Summit” doirasida uchrashgan edi.
Live
Barchasi