Shveysariyada Gulnora Karimovaga qarshi yana jinoyat ishi ochildi
3-sahifa
−
29 Sentabr 2023
12564Kecha, 28 sentyabrda Shveysariyada O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga va Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasining O‘zbekistondagi sho‘’ba korxonasining sobiq bosh direktoriga qarshi ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Federal sudiga yuborildi. Bu haqda Shveysariya Bosh prokuraturasi ma’lum qildi.
“Ikki ayblanuvchi turli mamlakatlarda, jumladan, Shveysariyada faoliyat olib borgan jinoiy tashkilotda ishtirok etgani aytilmoqda. Ayblovlar 2005 yildan 2013 yilgacha bo‘lgan davrda jinoiy tashkilotda ishtirok etish (Shveysariya Jinoyat kodeksining 260-moddasi), jinoiy daromadlarni legallashtirish (JKning 305-moddasi), xorijiy davlat amaldorlari sifatida pora olish (JKning 322-moddasi) va hujjatlarni qalbakilashtirishni (JKning 251-moddasi) o‘z ichiga oladi”, deyiladi prokuratura bayonotida.
Shveysariya Bosh prokuraturasining ma’lum qilishicha, 2012-2014 yillar oralig‘ida sud jarayoni Gulnora Karimovaning qo‘l ostidagi xodimlari va Gulnora Karimovaning o‘zini ham qamrab olgan. Chunki o‘shanda uning BMTning Jenevadagi vakolatxonasidagi diplomat sifatidagi faoliyati bilan bog‘liq immuniteti bekor qilingan.
“2018-2021 yillarda tergov doirasida to‘rt nafar shaxs jinoiy daromadlarni legallashtirish va hujjatlarni qalbakilashtirishda aybdor deb topilgan. 340 million Shveysariya frankidan ortiq mablag‘ O‘zbekistonga qaytarish maqsadida qat’iy ravishda musodara qilingan. Ayni paytda Gulnora Karimova va ikkinchi ayblanuvchiga qarshi sud jarayonida 440 million Shveysariya frankidan ortiq mol-mulki musodara qilinmoqda”, deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, Gulnora Karimova 2001 yildan 2013 yilgacha bir necha o‘nlab shaxslar va ko‘plab kompaniyalarni o‘z ichiga olgan “Ofis” deb nomlanuvchi iyerarxik jinoiy tashkilot tuzganlik va unga rahbarlik qilganlikda ayblangan. Bildirilishicha, Shveysariyada ushbu tashkilot o‘z faoliyatini 2005 yilda bank hisoblari va seyflaridagi jinoiy operatsiyalaridan kelib chiqadigan kapitalni yashirish va ko‘chmas mulk sotib olish uchun boshlagan.
“Xususan, uning hajmi, tashkil etish tartibi, infratuzilmalari, o‘ziga tegishli bo‘lgan mulklar ko‘lami va ayrim a’zolarining malakasini hisobga olgan holda, “Ofis” o‘zining jinoiy faoliyatini professional biznes sifatida, ya’ni vazifalarning qat’iy taqsimlanishiga rioya qilish, shu bilan birga zo‘ravonlik va qo‘rqitish usullarini qo‘llagan holda amalga oshirdi”, deydi prokuratura.
Qayd etilishicha, 2000 yildan boshlab jadal rivojlana boshlagan O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmog‘i mamlakatdagi eng daromadli sohalardan biri bo‘lgan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, o‘sha paytda ushbu sohaga kirish va faoliyat yuritishni xohlovchi xorijiy kompaniyalar Gulnora Karimovaning foydasiga hal bo‘lishi uchun “Ofis”dagi kompaniyalar orqali pora berishi talab qilingan.
“Aybsizlik prezumpsiyasi har ikkala ayblanuvchiga ham yakuniy hukm chiqarilgunga qadar amal qiladi. Ayblov e’lon qilinganidan so‘ng, Jinoyat ishlari bo‘yicha Federal sud qo‘shimcha ma’lumotni taqdim etish uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi”, deya xulosa qiladi prokuratura.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Shveysariya federal jinoiy sudi Gulnora Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha muzlatib qo‘yilgan mablag‘lardan Takilant kompaniyasiga qariyb 70 million dollarni qaytarishga qaror qilgandi. Joriy yilda esa Buyuk Britaniyaning Yirik miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi Karimovaning uchta hashamatli mulki musodara qilinganini ma’lum qilgandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay Gulnora Karimovaning qizi Imon Karimova onasining Buyuk Britaniyadagi mol-mulki musodara qilingani haqidagi ma’lumotni rad etgandi. BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi esa Gulnora Karimovaning qaytarilgan aktivlari onalar va bolalarning o‘limini kamaytirishga sarflanishini ma’lum qildi.
LiveBarchasi