O‘zbekistonning Shveysariyadagi yangi elchisi tayinlandi
Olam
−
28 Oktabr
2137Dilshod Hamidovich Ahatov O‘zbekistonning Shveysariyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, elchi joriy yilning 25 oktyabr kuni Shveysariya Prezidenti Viola Amerdga o‘zining ishonch yorliqlarini topshirgan. Elchining qarorgohi Berlin shahrida joylashgan.
Uchrashuvda Prezident so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasida yuqori darajadagi ikki tomonlama aloqalar sezilarli faollashganini ta’kidlagan. U Shveysariya hukumati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Davlat rahbari O‘zbekiston va Shveysariya iqtisodiyoti o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekanini bildirib, xususan, foydali qazilmalarni o‘zlashtirish, “yashil” iqtisodiyot, “yashil” energetika, suv va energiyani tejash texnologiyalarini joriy qilish, iqlim o‘zgarishi va ekologiya muammolari oqibatlarini bartaraf qilish, kasbiy ta’lim tizimida Shveysariya dual ta’lim modelini joriy qilish borasida hamkorlikka tayyorligini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi Shveysariyada ham mamlakatning rasmiy vakili hisoblanadi. Axatov 2010-2013 yillarda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi, shuningdek, Shveysariya, Chexiya, Shvetsiya va Ispaniyada o‘rindoshlik asosida elchisi, keyinchalik Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, 2020-2023 yillarda esa O‘zbekistonning Hindiston, Bangladesh va Nepaldagi elchisi bo‘lib faoliyat yuritgan. 2023 yil 27 sentyabrda esa mamlakatning Germaniyadagi elchisi etib tayinlangandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oybek Usmonov O‘zbekistonning Afg‘onistondagi yangi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangandi. U 2012-2024 yillarda Qobulda elchi bo‘lib ishlagan Yodgorxo‘ja Shodmonov o‘rniga ishga kirishdi.
LiveBarchasi