Shveysariya muzliklari shiddat bilan erimoqda

Olam

image

Yevropani qamrab olgan kuchli issiqlik to‘lqini Shveysariya muzliklarining odatdagidan ancha erta erishiga sabab bo‘ldi. Olimlar bu holat Alp tog‘larida muzliklar yana bir yil davomida katta hajmda qisqarishidan darak berayotganini ta’kidlamoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 29 iyun kuni Shveysariyaning janubidagi Rona muzligi “Muzliklarni yo‘qotish kuni” deb ataladigan bosqichga yetgan. Bu qish davomida to‘plangan qor qatlamining to‘liq erib, muzlikning qadimiy muz qatlami eriy boshlaydigan davrni anglatadi.

Shveysariya muzliklarini kuzatish xizmati rahbari Mattias Xussning aytishicha, bu yil mazkur sana kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng erta holat sifatida qayd etilgan. Rekord ko‘rsatkich 2022 yilda kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda bu jarayon uch kun avval boshlangan.

Xussning aytishicha, qishda yog‘ingarchilikning kam bo‘lgani va yoz boshidagi ketma-ket issiqlik to‘lqinlari muzliklarning tez erishiga olib kelgan.

“Bu juda xavotirli vaziyat. Muzliklar hali yozning o‘rtasiga ham yetmay turib jiddiy yo‘qotishlarga uchramoqda”, deydi u.

Mutaxassisning hisob-kitoblariga ko‘ra, iyun oyidagi issiq kunlarda Shveysariya muzliklaridan erigan suv hajmi ikki hafta davomida har olti soniyada bitta Olimpiya standartidagi suzish havzasini to‘ldirishga yetgan.

Shuningdek, Rona muzligidagi kuzatuv nuqtalaridan birida ikki haftalik jazirama davrida qariyb 1,5 metr muz qatlami erib ketgani qayd etilgan. Muzliklarga tez-tez tashrif buyuradigan sayyohlar ham o‘zgarishlar yaqqol sezilayotganini aytmoqda. So‘nggi 50 yildan beri o‘sha yerga boradigan sayyoh Garri Blok muzlikning keskin qisqarishi uni larzaga solganini bildirgan.

“Men yig‘layapman. Bir vaqtlar ulkan bo‘lgan muzlik ko‘z o‘ngimizda yo‘qolib bormoqda. Bu iqlim o‘zgarishining yaqqol isboti”, deydi germaniyalik sayyoh.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yer muzliklari xavotirli sur’atlarda qisqarib borayotgani haqida xabar qilingandi.

Mumtozbegim Abdumo‘minova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing