Shvetsiya NATOga a’zolik yo‘lida ilk rasmiy qadamni qo‘ydi

Olam

image

Shvetsiya Tashqi ishlar vaziri Ann Linde NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risidagi arizani imzoladi. Bu haqda “Aftonbladet” nashri xabar berdi.

“Bu katta, jiddiy va go‘yo biz Shvetsiya uchun eng mos keladigan narsaga erishgandek tuyuladi”, deya SVT telekanali Lindening so‘zlarini keltirdi.

Lindening ta’kidlashicha, Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish uchun arizasi Finlyandiya arizasi bilan birga taqdim etiladi. Alyansga qo‘shilish jarayoni taxminan bir yil davom etishi mumkin.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Bundan tashqari, Shvetsiyaning hukmron Sotsial-demokratik partiyasi rahbariyati 15 may kuni Alyansga qo‘shilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini e’lon qiladi. OAV xabarlariga ko‘ra, mamlakat kelasi hafta NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza beradi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.

Finlyandiya va Shvetsiya Rossiyaning Ukrainaga hujumi fonida uzoq muddatli betaraflikdan voz kechish va NATOga qo‘shilish imkoniyatlari haqida gapira boshladi.

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Shvetsiya

Baholaganlar

21

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing