Shvetsiya firibgarlikda ayblanayotgan shaxsni Turkiyaga ekstraditsiya qilmoqchi

Olam

image

Shvetsiya firibgarlik uchun qidirilayotgan shaxsni Turkiyaga ekstraditsiya qilishga qaror qildi. Mahalliy matbuotning yozishicha, bank kartalari bo‘yicha firibgarlikda ayblanib, Shvetsiyaga qochgan 35 yoshli Okan Kale Turkiyaga ekstraditsiya qilinadi. 

Ma’lum bo‘lishicha, Kalening Shvetsiyadan boshpana so‘rash arizasi 2012 yilning iyunida rad etilgan, shundan so‘ng u Italiyaga ketgan. Italiyada u ikki yil muddatga vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma oldi. 

2016 yilda u Shvetsiyaga keldi va u yerda mahalliy fuqaroga turmushga chiqdi, buning natijasida u Skandinaviya mamlakatida yashash va ishlash uchun ruxsatnoma olishga muvaffaq bo‘ldi. 

2021 yil oktyabr oyida Anqara Interpol orqali Shvetsiya rasmiylariga murojaat qilgan, natijada u hibsga olingan. 

Kale Turkiyaga ekstraditsiya qilinmaslik uchun ismini Yoxan Gustavssonga, dinini esa nasroniylikka o‘zgartirgani aytiladi. 

Shvetsiyaning SVT telekanali avvalroq hukumat Interpol qizil sirkulyariga binoan firibgarlikda ayblanib qidirilayotgan 35 yoshli erkakni Turkiyaga ekstraditsiya qilishga qaror qilgani haqida xabar bergan edi. 

“Bu odatiy savol. Ko‘rib chiqilayotgan shaxs Turkiya fuqarosi bo‘lib, 2013 va 2016 yillarda firibgarlikda ayblangan”, deydi Adliya vaziri Morgan Yoxansson Oliy sud qarorini sharhlar ekan.

Uning qayd etishicha, Oliy sud bu masalani odatdagi tartibda ko‘rib chiqqan va ekstraditsiyaga hech qanday to‘siq yo‘q degan xulosaga kelgan. 

Qayd etilishicha, erkak Turkiyada bank kartalaridagi firibgarlik moddalari bo‘yicha 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Shvetsiya va Finlyandiya masalasi

18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi. 

Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.

30 iyun kuni NATO sammitidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etgan Erdo‘g‘an, Shvetsiya va Finlyandiya uchun quvonishga hali ertaligini, ular shartni bajarsagina, Turkiya parlamenti Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga oid hujjatni ratifikatsiya qilishini aytdi


Maqola muallifi

Teglar

Shvetsiya

Baholaganlar

14

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing