Ilgari biznes shunchaki tartibga solish ob’ekti edi — Murod Nazarov

Jamiyat

image

Davlat va biznes hamkorligi: taraqqiyot sari birgalikda

O‘zbekistonda avgust oyida an’anaviy tarzda Prezident va tadbirkorlarning ochiq muloqoti kun tartibiga chiqadi. 2021 yilda boshlangan tashabbus doirasida davlat rahbari va biznes egalari bu yil oltinchi marotaba yuzma-yuz suhbatlashadi. Mamlakat rahbarining biznes vakillari bilan yagona platformaga yig‘ilishi, ularning dard va takliflarini bevosita eshitishi, byurokratik g‘ovlarni parchalashga qaratilgan eng samarali tizim sifatida e’tirof etiladi. Rasmiy doiralar buni “davlat va biznes o‘rtasidagi teng huquqli hamkorlik” deb baholaydi.

Ammo haqiqiy va adolatli bahoni “beruvchi qo‘l” emas, “oluvchi qo‘l” ko‘rsatishi mumkin. Shu sabab QALAMPIR.UZ Prezident bilan o‘tkazib kelinayotgan ochiq muloqotlarning doimiy ishtirokchisi, qurilish va development sohasida 20 dan ortiq innovatsion loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan, 23 yillik tajribaga ega bo‘lgan tadbirkor Murod Nazarovni suhbatga tortdi. O‘zbekistondagi eng baland bino — NEST ONE loyihasining rahbari savollarga javob berar ekan, mavjud imkoniyatlar, ochiq muloqotning real natijalari va sanoatdagi yashirin xavf-xatarlar borasida o‘z xulosalarini ochivladi.

Davlat va tadbirkorlar o‘rtasidagi yangi munosabatlar

Mening fikrimcha, so‘nggi o‘n yildagi eng muhim yutuq — davlat va tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarga bo‘lgan yondashuvning tubdan o‘zgarganidir. Ilgari biznes ko‘proq tartibga solish ob’ekti sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun u mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda davlatning to‘laqonli hamkoriga aylanmoqda. Bu, ayniqsa, muhtaram Prezidentimizning tadbirkorlar bilan muntazam ochiq muloqotlari orqali yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ushbu uchrashuvlarda nafaqat alohida masalalar, balki tadbirkorlik sohasidagi tizimli muammolar ham muhokama qilinadi. Tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan ko‘plab takliflar keyinchalik farmonlar, qarorlar va biznesni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarida o‘z aksini topmoqda.

Shuningdek, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, soliq tizimining takomillashtirilishi, davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi, ma’muriy tartib-taomillarning qisqartirilishi hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar muhim ahamiyatga ega, deb hisoblayman. Bu islohotlar tufayli tadbirkorlik faoliyatini yuritish ancha yengillashdi, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi esa mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar uchun sezilarli darajada oshdi.

Menimcha, eng katta yutuq faqat qabul qilingan qarorlarda emas, balki islohotlarning izchil davom etayotganidadir. Iqtisodiyot rivojlanmoqda, yangi tarmoqlar shakllanmoqda, raqobat kuchaymoqda. Bu esa mahsulot sifatiga, boshqaruv samaradorligiga va tadbirkorlarning professional salohiyatiga nisbatan yanada yuqori talablarni qo‘ymoqda. Bugun biznes muvaffaqiyati samaradorlikka, innovatsiyalarga, mijozlar ishonchiga va uzoq muddatli qiymat yarata olish qobiliyatiga ko‘proq bog‘liq.

Ishonamanki, islohotlarning izchilligi, davlat siyosatining barqarorligi hamda davlat bilan tadbirkorlar o‘rtasidagi doimiy muloqot kelgusida ham O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy taraqqiyoti uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Tadbirkorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va o‘zgarishlar

Shubhasiz, Prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazayotgan uchrashuvlari davlat va biznes o‘rtasidagi ochiq muloqotning eng samarali mexanizmlaridan biriga aylandi. Bu, ayniqsa, katta sarmoya talab qiladigan va ma’muriy qarorlarga bevosita bog‘liq bo‘lgan qurilish sohasida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Agar amalga oshirilgan o‘zgarishlar haqida gapiradigan bo‘lsak, avval developerlar ko‘pincha loyihalarni kelishish jarayonlarining uzoq davom etishi, muhandislik tarmoqlariga ulanishdagi qiyinchiliklar, yer uchastkalarini ajratish hamda ayrim ma’muriy jarayonlarning yetarlicha shaffof emasligi kabi muammolarga duch kelar edi. Bu masalalar tadbirkorlar tomonidan muntazam ko‘tarilib, bosqichma-bosqich amaliy yechimini topdi.

Bugungi kunda yer uchastkalarini ajratishning ochiq mexanizmlari takomillashtirildi, davlat xizmatlari izchil raqamlashtirilmoqda, ruxsat berish tartib-taomillari soddalashtirilmoqda, investorlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda va halol faoliyat yuritayotgan biznesning huquqiy himoyasi yanada kuchaytirilmoqda. Bu qurilish sohasi uchun loyihalarni tezroq amalga oshirish bilan birga, uzoq muddatli investitsiyalarni yanada ishonch bilan rejalashtirish imkoniyatini ham yaratmoqda.

Menimcha, ushbu uchrashuvlarning eng katta natijasi alohida qarorlarda emas. Eng muhimi, davlat tadbirkorlarni eshitishga tayyorligini namoyon etmoqda, tadbirkorlar esa o‘z fikri va takliflari mamlakat iqtisodiy siyosatini shakllantirishda inobatga olinayotganini his qilmoqda. Ana shunday doimiy muloqot sohaning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi va investorlar ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Bugungi biznes muhiti va uning asosiy vazifalari

Men bugungi kunda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish oson, deb aytmagan bo‘lardim, chunki oson bo‘lganda hamma shu ish bilan shug‘ullanishardi. Lekin bir narsani ishonch bilan aytish mumkinki, bugun imkoniyatlar avvalgiga nisbatan ancha kengaygan. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar tadbirkorlik faoliyatini yanada ochiq, shaffof va zamonaviy asosda yuritish uchun qulay sharoit yaratdi. Bu, avvalo, soliq tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan o‘zgarishlarda o‘z ifodasini topmoqda.

Biroq biznesning tabiati shundayki, u hech qachon oson bo‘lmaydi. Har kuni qaror qabul qilish, mas’uliyatni zimmaga olish, tavakkalchiliklarni boshqarish va kuchli raqobat sharoitida ishlash talab etiladi. Ayniqsa, qurilish sohasida bu yanada muhim, chunki bu yerda loyihalar bir necha yil davomida amalga oshiriladi va katta sarmoya talab qiladi.

Meningcha, bugun tadbirkorlar uchun eng muhimi — barqarorlik va qoidalarning aniq hamda uzoq muddatli bo‘lishidir. Qoidalar o‘zgarmas va tushunarli bo‘lsa, biznes yangi investitsiyalar kiritishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga va yirik loyihalarni amalga oshirishga ishonch bilan kirishadi. Shu bilan birga, muhandislik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda malakali kadrlar tayyorlash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan hisoblanadi. Deyarli barcha sohalarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarga ehtiyoj yuqori.

Shu bilan birga, menimcha, ko‘p narsa tadbirkorlarning o‘ziga ham bog‘liq. Faqat narx orqali raqobat qilish davri asta-sekin ortda qolmoqda. Bugun sifatga, innovatsiyalarga, xizmat ko‘rsatish va mijozlar ishonchiga sarmoya kiritayotgan kompaniyalar muvaffaqiyat qozonmoqda. Ana shunday yondashuvgina nafaqat kompaniyaning, balki jamiyat va mamlakat iqtisodiyotining ham barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish yo‘nalishlari

Mening fikrimcha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida juda katta ishlar amalga oshirildi va endi mavjud qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining samaradorligini izchil oshirish muhim.

Yurtimiz Prezidenti tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ko‘p bor ta’kidlab kelmoqda. Men bu yondashuvni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Biznes uchun eng muhimi — barqaror qoidalar, ochiq muloqot va ertangi kunga ishonchdir. Ana shunday muhitdagina mahalliy va xorijiy tadbirkorlar investitsiya kiritishga, ishlab chiqarishni kengaytirishga va yangi ish o‘rinlari yaratishga tayyor bo‘lishadi.

Menimcha, bugun davlat xizmatlarini yanada raqamlashtirish, har xil ruxsatnomalar va muvofiqlashtiruv jarayonlarini soddalashtirish, muhandislik va transport infratuzilmasini rivojlantirish, tadbirkorlarning uzoq muddatli moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda malakali kadrlar tayyorlashga yanada katta e’tibor qaratish zarur. Bu yo‘nalishlar mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ham iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishning muhim omillari sifatida bir necha bor ta’kidlangan.

Shu bilan birga, tadbirkorlarning o‘zi ham yuqori korporativ boshqaruv standartlarini joriy etishi, zamonaviy texnologiyalarni keng qo‘llashi, mahsulot va xizmatlar sifatini oshirishga hamda mehnat unumdorligini yuksaltirishga doimiy sarmoya kiritishi lozim. Ishonamanki, davlat va mas’uliyatli biznesning o‘zaro hamkorligi mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilishi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Qurilish sohasidagi yangi tendensiyalar va vazifalar

Mening fikrimcha, yaqin 3–5 yil ichida O‘zbekiston qurilish sohasida sifat jihatidan yangi bosqich boshlanadi. Endi faqat kvadrat metrlar qurishning o‘zi yetarli emas. Asosiy mezonlar — sifat, xavfsizlik, energiya samaradorligi va aholi uchun qulay shahar muhitini yaratish bo‘ladi. Bu haqda mamlakatimiz Prezidenti ham bir necha bor ta’kidlaganidek, yangi turar-joy majmualari yo‘llar, muhandislik kommunikatsiyalari, maktablar, bog‘chalar, yashil hududlar va jamoat joylari bilan birgalikda kompleks rivojlantirilishi lozim.

Yana bir muhim yo‘nalish — sohani raqamlashtirishdir. Loyihalashtirishning zamonaviy raqamli tizimlari, elektron reyestrlar, shaffof tartib-taomillar va samarali boshqaruv mexanizmlarining joriy etilishi qurilish jarayonlarining samaradorligini oshirish va xaridorlar ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, soha oldida jiddiy vazifalar ham turibdi. Bu, avvalo, qurilish sifatiga bo‘lgan talablarni yanada oshirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, binolarning energiya samaradorligini ta’minlash hamda yer resurslaridan oqilona foydalanish bilan bog‘liq. Shuningdek, ekologik standartlarga rioya qilish va shaharlarni barqaror rivojlantirish masalalari ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Men ishonamanki, yaqin yillarda zamonaviy va qulay shahar makonini yaratishni maqsad qilgan, yangi texnologiyalarga, sifatga va insonlar ishonchiga sarmoya kiritayotgan developerlar katta muvaffaqiyatga erishadi. Bu yondashuv Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy tamoyillariga ham to‘la mos keladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing