Shukurovni qamoqdan chiqarib yuborgan sudyalar ishdan olindi

Jamiyat

image

Avvalroq, joriy yil bahorda Toshkent shahridagi tungi klub oldida erkakni bir urib, komaga tushirib qo‘ygan Akmal Shukurov apellyatsiya instansiya sudining 2025 yil 9 dekabrdagi ajrimi bilan ozodlikka chiqqani va uni qamoqdan chiqarib yuborgan sudyalarga xizmat tekshiruvi tayinlangani haqida xabar berilgan edi. Shukurovni ozodlikka chiqargan sudyalar lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bugun, 25 dekabrdagi farmoyishiga muvofiq Murodjon Kodirovich Mirzajonov yozma arizasiga binoan hamda odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida qonuniylikni buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonuni 79-moddasi 1-qismining 2,10-bandlariga asosan sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatilib, Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimidan ozod etilgan. 

Shu bilan birga, Muhtarama Mahamadaliyevna Turg‘unova, Odilbek Ilhomjon o‘g‘li Ilhomjonov hamda Mirziyod Mirjaloliddinovich Obidovning sudyalik vakolatlari muddatidan ilgari tugatilib, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi lavozimidan ozod etilgan.

Shuningdek, Farxodjon Boqijonovich G‘aniyev sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga, shundan besh yil muddatga Toshkent shahar sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlangan va shu munosabat bilan Andijon viloyat sudi raisi lavozimidan ozod etilgan.

Murodjon Abduqoxorovich Ababakirov esa sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga, shundan besh yil muddatga Andijon viloyat sudi raisining o‘rinbosari ‒ jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga tayinlangan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Akmal Shukurovning apellyatsiya instansiya sudi bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi taftish tartibida protest kiritgandi. Taftish hay’ati prokuratura protestini qanoatlantirib, Akmal Shukurovga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Uning qamoqda saqlangan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 5 yil 3 oy 12 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirildi.


Maqola muallifi

Teglar

sud sud'ya Akmal Shukurov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing