“Meni kuting, men qaytaman”. Ozodlikka chiqqan Shukurov yana qamaldi
3-sahifa
−
18:31 6073 4 daqiqa
Joriy yil bahorda Toshkent shahridagi tungi klub oldida erkakni bir urib, komaga tushirib qo‘ygan Akmal Shukurov apellyatsiya instansiya sudining 9 dekabrdagi ajrimi bilan ozodlikka chiqqan edi. Shundan so‘ng Toshkent shahar prokuraturasi taftish tartibida protest kiritdi. Bu haqda Oliy sud ma’lum qildi.
Toshkent shahar prokuraturasi protestda Akmal Shukurovga nisbatan apellyatsiya sudi tomonidan chiqarilgan ajrimni bekor qilishni so‘ragan. Shuningdek, protestda Akmal Shukurovga birinchi instansiya sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining hukmini o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazoni o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye” bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘zgarishsiz qoldirish so‘ralgan.
Bugun, 18 dekabr kuni mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudining 3 nafar sudyadan iborat taftish hay’ati tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, prokuratura protesti qanoatlantirilgan. E’lon qilingan ajrimga ko‘ra, birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirilgan hamda apellyatsiya instansiya sudining ajrimi bekor qilingan.
Akmal Shukurovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat doirasida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanganligi sababli ushbu kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Akmal Shukurovga Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi aslicha qoldirilishi belgilangan.
Shu tariqa, Akmal Shukurovga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Uning qamoqda saqlangan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 5 yil 3 oy 12 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirildi.
Toshkent shahar sudining ushbu ajrimi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilingan.
O‘zi nima bo‘lgan edi?
Joriy yil 16 mart kuni tungi soat 02:30 larda Yakkasaroy tumanida joylashgan restoranlardan birida mijoz sifatida kelgan 1995 yilda tug‘ilgan Akmal Shukurov o‘zining tanishi 1985 yilda tug‘ilgan X.A. bilan o‘rtalarida kelib chiqqan nizo sababli o‘zaro janjallashgan. 1990 yilda tug‘ilgan B.A. ularni ajratishga harakat qilgan vaqtida Akmal Shukurov uni urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda B.A. “bosh miya jarohati, o‘ng yuzidan lunji yirtilgan jarohati va spirtdan zaharlanish” tashxisi bilan shifoxonaga olib borilgan.
Akmal Shukurov esa qochib ketdi va qidiruvga berildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida u Qozog‘iston Respublikasida ushlandi va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi.
Akmal Shukurovga Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye“ bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a”, “g” bandlari, 4-qismi “a” bandi, 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan ayblov qo‘yildi va ish jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida ko‘rib chiqildi. 24 oktyabr kuni jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Sudning hukmi bilan Akmal Shukurov Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiya sudining 9 dekabrdagi ajrimi bilan sud hukmi o‘zgartirilib, sudlanuvchi ozodlikka chiqarildi. Sudlanuvchiga uzil-kesil 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Akmal Shukurovning 2025 yil 21 mart kunidan 2025 yil 9 dekabr kuniga qadar qamoqda bo‘lgan 263 kunini tayinlangan jazodan chegirib, uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil 3 oy 11 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirilgan. Sudlanuvchiga tanlangan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilinib, u darhol sud zalidan qamoqdan ozod qilingan.
Live
Barchasi