Shubhali tarzda g‘oyib bo‘lgan XXR mudofaa vaziri ishdan olindi
Olam
−
24 Oktabr 2023
12926Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin mudofaa vaziri Li Shanfuni lavozimidan chetlashtirish haqidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar bermoqda.
2023 yil 24 oktyabr kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasining oltinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisining 14-sonli farmonida aytilishicha, Li Shanfu Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi va milliy mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilgan. Yangi vazir tayinlanishi hali e’lon qilinmagan.
Xitoy mudofaa vaziri so‘nggi marta 29 avgust kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan 3-Xitoy-Afrika tinchlik va xavfsizlik forumida nutq so‘zlaganida omma oldida ko‘ringan edi. Shundan so‘ng, u izsiz g‘oyib bo‘ldi.
“Financial Times” gazetasi o‘z manbalariga tayanib, Li Shanfu o‘z lavozimidan chetlashtirilgan bo‘lishi mumkinligini va u tergov qilinayotganini da’vo qildi. Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligining rasmiy vakillari bu vaziyat haqida hech narsa bilmasliklarini aytgan.
Asosiy milliy bayram – 1 oktyabrda nishonlanadigan Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgan kun sharafiga tashkil etilgan tantanali qabulda Li Shanfu ham qatnashmagan.
LiveBarchasi