Qochoq Prezident Singapurdan siyosiy boshpana so‘ramoqchi
Olam
−
13 iyul 2022
9436Shri-Lanka Prezidentligidan ketishni rejalashtirayotgan Gotabaya Rajapaksa Singapurga ko‘chib o‘tadi va ushbu mamlakatdan siyosiy boshpana oladi. Bu haqda Hindistonning “Republic TV” telekanali xabar bermoqda.
Prezident bugun, 13 iyul kuni mamlakatni oilasi bilan harbiy samolyotda tark etib, Maldiv orollariga ketgan edi. U endi Singapur tomon yo‘lga chiqishga otlanmoqda.
“Reuters”ning Maldiv Hukumatidagi manbaga tayanib xabar berishicha, Prezident Singapurga kelganidan so‘ng, parlament spikeri Mahinda Yapa Abeivardenega iste’foga chiqish to‘g‘risida rasmiy xat yuboradi.
Ayni vaqtda Rajapaksa rafiqasi bilan Maldiv poytaxti Male shahrida bo‘lib turibdi. Shri-Lanka havo kuchlari uning Maldiv orollariga harbiy samolyotda yetib kelganini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, biroz avval Gotabaya Rajapaksaning mamlakatdan qochishi fonida siyosiy partiyalar yetakchilari Bosh vazir Ranil Vikramasingxeni iste’foga chaqirishga qaror qilgandi. Prezident mamlakatda bo‘lmaganida, Konstitutsiyaga muvofiq, davlat rahbarining vazifalari Bosh vazir Vikramasingxe zimmasiga yuklangan.
Shri-Lankadagi vaziyat
Shri-Lankada bir necha oydan beri narxlarning ko‘tarilishi, oziq-ovqat va yoqilg‘i yetishmasligi sabab norozilik namoyishlari o‘tkazilayotgandi. Kundalik tovarlar keskin qimmatlashib, inflyatsiya darajasi 50 foizdan ko‘tarilib ketgandi.
Shuningdek, mamlakatda valyuta zaxiralari deyarli tugagani sababli boshqa davlatlardan tovar sotib olish uchun yetarli mablag‘ qolmagandi. Elektr tarmog‘idagi uzilishlar ham odatiy holga aylanib qolgan. Dori-darmon yetishmasligi sog‘liqni saqlash tizimini inqiroz yoqasiga olib kelgan.
Qolaversa, avtobus, poyezd va tibbiy transport kabi muhim xizmatlar uchun yoqilg‘i yetishmovchiligi jiddiy tus olgan. Maktablar yopilgan va odamlardan resurslarni tejashga yordam berish uchun uydan ishlashlari so‘ralgan.
Shri-Lanka may oyida o‘ziga kerakli tovarlarni xorijdan xarid qila olmagani bilan birga, tarixida birinchi marta tashqi qarzi bo‘yicha to‘lovni amalga oshira olmay, bankrotlikka uchradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda hukumatining 51 milliard dollardan ortiq tashqi qarzi bor, uning 6,5 milliard dollari Xitoyga to‘g‘ri keladi va ikki davlat qarzni qanday qaytarish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. G7 davlatlari Shri-Lankaning qarz to‘lovlarini kamaytirishga urinishlarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Shri-Lanka hukumati, shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan 3 milliard dollar ajratish borasida muzokaralar olib bormoqda.
Jahon banki Shri-Lankaga 600 million dollar qarz berishga rozi bo‘lgan. Bundan tashqari, Hindiston qo‘shnisiga kamida 1,9 milliard dollar kredit taklif qilgan.
LiveBarchasi