Shoygu Turkiyaga keldi. U muhim hujjatni imzolashi kutilmoqda
Olam
−
22 iyul 2022
9853Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Turkiyaga bordi, u yerda bugun, 22 iyul kuni Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha shartnoma imzolashga tayyorlanmoqda. Bu haqda jurnalistlarga Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Mudofaa vaziri Shoygu Turkiyaga borganini tasdiqlashimiz mumkin. Bugun imzolash tayyorlanayotganini tasdiqlashimiz mumkin, lekin kutaylik, o‘zimizdan o‘zib ketmaylik”, deydi u Shoygu haqiqatan ham Turkiyaga don bo‘yicha shartnoma imzolash uchun kelganmi, degan savolga javob berar ekan.
Kelishuv hali imzolanmagani uchun Kreml matbuot kotibi ushbu hujjat tafsilotlarini oshkor etishdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 iyul kuni Istanbulda “Don yo‘lagi” yaratish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi, unda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Ukraina harbiy delegatsiyalari hamda BMT vakillari ishtirok etdi. Jahon Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish yig‘ilishdan so‘ng Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini Qora dengiz orqali xavfsiz va ishonchli eksportini ta’minlash yo‘lida muhim qadam tashlanganini aytdi.
Joriy yilning 18-19 iyul kunlari Prezidentlar Vladimir Putin va Rajab Toyib Erdo‘g‘an Tehronda o‘tgan "Ostona jarayoni" sammitida yakkama-yakka muloqot qildilar. Anda asosiy mavzu Ukrainada qolayotgan donni xavfsiz olib chiqish bo‘ldi. Tehrondan Turkiyaga qaytgan Rajab Toiyb Erdo‘g‘an "Don yo‘lagi" bo‘yicha yakuniy hujjat shu hafta imzolanishi kutilayotganini aytgan edi.