Shoygu NATO navbatdagi kengayish kampaniyasini boshlaganini aytdi
Olam
−
16 avgust 2022
8621Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga kirishiga Rossiya Federatsiyasining Ukrainadagi “maxsus operatsiyasi” sabab bo‘lgani haqidagi bayonot noto‘g‘ri, chunki bu davlatlar ko‘p yillar davomida ittifoqqa yaqinlashib kelgan. Bu haqda seshanba kuni Rossiya Mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha Moskva konferensiyasi chog‘ida aytib o‘tdi.
“Yaqinda NATO Shvetsiya va Finlyandiyaning harbiy blokka kiritish orqali alyansni kengaytirishning yangi bosqichini boshladi. Bunga Rossiya “maxsus operatsiyasi2 sabab bo‘lgan degan da’vo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu mamlakatlarning ittifoq bilan amaliy yaqinlashuvi uzoq yillardan buyon davom etmoqda”, degan vazir.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, Shvetsiya va Finlyandiya hududlarida hujum qurollarini joylashtirish Rossiya hududini mudofaa qilish bo‘yicha yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi.
“Albatta, Xelsinki va Stokgolmning NATOni strategik rejalashtirishdagi rasmiy ishtiroki, bu davlatlar hududi zarba beruvchi qurollarni joylashtirish uchun taqdim etilishi Boltiqbo‘yi mintaqasi va Arktikadagi xavfsizlik sharoitlarini o‘zgartiradi, bu Rossiya hududini himoya qilish borasidagi yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi”, degan Shoygu.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, 31 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan tasdiqlangan yangilangan dengiz doktrinasida ma’lum xulosalar allaqachon chiqarilgan va mustahkamlangan va bu yo‘nalishdagi ishlar davom etadi.
Shvetsiya va Finlyandiya masalasi
18 may kuni Finlyandiya va Shvetsiya NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berdi, biroq Turkiya bu davlatlardan FETO, Kurdiston ishchilar partiyasi va Suriya Xalq mudofaasi kuchlari tashkilotlarini terrorchi deb e’lon qilishni, terrorizmda yoki 2016 yildagi davlat to‘ntarishiga urinishda ishtirok etishda ayblanganlarni Anqaraga ekstraditsiya qilishni va Turkiyaga qurol yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqlarni olib tashlashni talab qilib, a’zolik jarayonini darhol to‘xtatdi.
Joriy yilning 28 iyun kuni Madridda NATO sammiti boshlanishidan oldin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Finlyandiya Prezidenti Sauli Niinistyo, Shvetsiya Bosh vaziri Magdalena Andersson va alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijalariga ko‘ra, Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga ruxsat beruvchi memorandum imzolandi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Anqaraning barcha talablari bajarilishiga kelishib olingan. Unga ko‘ra, Shvetsiya terrorchilik faoliyatida ishtirok etgan 73 kishini ekstraditsiya qilishga va’da bergan.
30 iyun kuni NATO sammitidan keyin matbuot anjumanida ishtirok etgan Erdo‘g‘an, Shvetsiya va Finlyandiya uchun quvonishga hali ertaligini, ular shartni bajarsagina, Turkiya parlamenti Stokgolm va Xelsinkining NATOga a’zo bo‘lishiga oid hujjatni ratifikatsiya qilishini aytdi.