Shov-shuv bo‘layotgan Pandora hisobotidan O‘zbekiston senatorining ham nomi chiqdi

Jamiyat

image

Xalqaro jurnalistlar konsorsiumi (ICIJ) dunyo rahbarlari, ularning sheriklari, amaldorlar va ishbilarmonlarning ofshor sxemalarga jalb qilingani haqidagi Pandora hujjatlarini chop etgani haqida xabar bergandik. Tergovga 150 ta ommaviy axborot tashkilotining 600 dan ortiq jurnalistlari jalb qilingan.  

Hujjatlarda O‘zbekiston ham tilga olingani ma’lum bo‘ldi. Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ba’zi tadbirkorlar Irlandiya va Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan firmalarini ofshor kompaniya sifatida ishlatadi. Bu haqda “The Irish Times” xabar bergan.  

Ta’kidlanishicha, 2017 yili Prezident qaroriga ko‘ra Sirdaryo viloyatida paxtachilik-to‘qimachilik klasteri tashkil etilgan. Shundan so‘ng, “Mirzaobod universal trade cluster” MCHJ xususiy korxonasi, “Trontex LP” (Buyuk Britaniya) va “Gratum Trading LP” (Buyuk Britaniya) xorijiy kompaniyalari ishtirokida MCHJ shaklidagi “Bek Cluster” qo‘shma korxonasi tashkil etilgan. 

“Trontex LP” va “Gratum Trading LP” 2016 yili Shotlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, har ikki kompaniyaning ulushlardagi sheriklari yuridik manzili Bolgariya bo‘lgan 41 yoshli Daniel Milchev Petkov va estoniyalik 41 yoshli Zerar Goren. Ta’kidlanishicha, bu shaxslar nominal sherik sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. 

Ayni paytda “Mirzaobod universal trade cluster” MCHJ aksiyalarining 87,4 foizi senator Ulug‘bek Sotiboldiyevga tegishli. 

Avvalroq, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonsonning saylovoldi kampaniyasiga hissa qo‘shgan atoqli donor Yevropa tarixidagi eng yirik mojarolardan biriga aralashgani, u Telia kompaniyasining O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi faoliyatida offshor bitimlarni tuzish va amalga oshirishda ayblanayotgani haqida xabar bergandik. 

Ma’lumot o‘rnida, Pandora Papers – sizib chiqqan 12 millionga yaqin hujjat bo‘lib, ular dunyo rahbarlari, siyosatchilar va milliarderlarning maxfiy boyliklari hamda yashirin kelishuvlarini oshkor etadi.


Maqola muallifi

Teglar

hisobot ofshor Pandora

Baholaganlar

3200

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing