Shimoliy Koreya Yapon dengiziga yana raketa uchirdi
Olam
−
25 iyul 2023
3137Kecha, 24 iyul kuni Shimoliy Koreya yana ikkita ballistik raketani uchirdi. Bu haqda Yaponiya Mudofaa vazirligiga tayanib, NHK telekanali xabar berdi.
KXDRning joriy raketa uchirishi yil boshidan beri o‘n to‘rtinchi marta amalga oshirilayotgan bo‘lib, bu safar raketalar 350 dan 400 kilometrgacha uchib, Yaponiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasidan tashqariga – Yapon dengiziga qulagan. Yaponiya Vazirlar Mahkamasi Bosh kotibi Xirokazu Matsuno uchirilgan ballistik raketalar sun’iy yo‘ldoshlarni orbitaga chiqarishga urinmaganini ma’lum qilgan.
Bugun, 25 iyul kuni AQSH, Janubiy Koreya va Yaponiyaning yuqori martabali diplomatlari Shimoliy Koreyaning mazkur harakatini muhokama qilgan. Telefon orqali muloqotda Yaponiya Tashqi ishlar vazirligining Osiyo va Okeaniya departamenti boshlig‘i Takexiro Funakoshi, AQSHning KXDRdagi maxsus vakili Son Kim va Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Koreya yarim orolidagi tinchlik va xavfsizlik bo‘yicha maxsus vakili Kim Gon ishtirok etgan.
Tomonlar Pxenyanning davom etayotgan raketa uchirishlari mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid ekanini aytgan. Diplomatlar uch tomonlama formatda yaqin hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini tasdiqlagan.
Boshqa tarafdan, Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Li Xunchjong boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasi KXDRga yo‘l olmoqda. Ertaga, 26 iyul kuni Xitoy delegatsiyasi Koreya urushidagi sulhning 70 yilligini nishonlash marosimida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya joriy yilning 12 iyul kuni “Xvason-18» qit’alararo ballistik raketasini, 19 iyul kuni Yapon dengizi yo‘nalishi bo‘yicha yana ikkita ballistik raketani, 22 iyul kuni esa Sariq dengiz tomon bir nechta qanotli raketalarni uchirgandi. KXDRning BMTdagi doimiy vakili Kim Son Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida raketa sinovlari mamlakatning o‘zini o‘zi mudofaa qilish huquqiga muvofiq amalga oshirilayotganini bildirgandi. Shundan so‘ng, Yevropa Ittifoqi va G7 davlatlari hamda Avstraliya, Janubiy Koreya va Yangi Zelandiya Xitoydan Shimoliy Koreyaga yordam bermaslikni so‘radi. AQSH esa yadroviy qurolga ega strategik suv osti kemalarini Janubiy Koreyadagi portlariga kiritdi.
LiveBarchasi