Shimoliy Koreya yadroviy sinovga tayyorlanyapti – Yaponiya TIV

Olam

image

Yaponiya Shimoliy Koreya yadro sinovini o‘tkazishga tayyorlanayotganini ehtimol deb hisoblaydi. Bu haqda bugun, 7 oktyabr kuni navbatdagi matbuot anjumanida mamlakat Tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi ma’lum qildi. 

“Kelajakda Shimoliy Koreya yangi provokatsiyalarga, jumladan, yadroviy sinov o‘tkazishga yo‘l qo‘yishi ehtimoli bor, deb hisoblaymiz”, deydi u.  

Biroq TIV rahbari Shimoliy Koreyaning yangi yadroviy sinovi mintaqadagi vaziyatga qanday ta’sir qilishi haqidagi savolga javob berishdan qochdi. Shu bilan birga, Xayasi Yaponiya Shimoliy Koreya bilan bog‘liq ma’lumotlarni faol to‘plash va tahlil qilishda davom etishini, AQSH va Janubiy Koreya bilan yaqin hamkorlikda hushyor turishini ta’kidladi.  

“Biz BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarining qat’iy bajarilishiga va Koreya yarim orolining to‘liq yadrosizlanishiga intilamiz”, deya qo‘shimcha qildi u. 

Kecha, 6 oktyabr kuni Pxenyan ikkita qisqa masofali ballistik raketa uchirdi. Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi raketalarning uchirilishi AQSH va Janubiy Koreya mashg‘ulotlariga “adolatli javob” ekanini aytdi. Pxenyan joriy yilning 4 oktyabr kuni o‘rta masofali ballistik raketa uchirilganidan keyin amalga oshirilgan Amerika samolyot tashuvchisi Ronald Reyganning Yapon dengizi suvlariga qaytishini qoraladi. 5 oktyabr kuni AQSH va Koreya Respublikasi harbiylari Yaponiya dengizi tomon ikkita ATACMS (Armiya taktik raketa tizimi – tahr.) raketalarini uchirdilar. Vashington va Seul ham Shimoliy Koreya yadroviy sinov o‘tkazishga tayyorlanayotgani haqida fikr bildirdi. 

Shimoliy Koreya oxirgi marta 2017 yil sentyabrida yadro sinovini o‘tkazgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Shimoliy Koreya Yaponiya Yadro sinovi

Baholaganlar

168

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing