Shimoliy Koreya so‘nggi 6 oyda Rossiyaga qancha qurol bergani ochiqlandi
Olam
−
27 fevral
13627Shimoliy Koreya so‘nggi olti oy davomida Rossiyaga qariyb 6700 konteynerda 3 millionga yaqin 152 millimetrli snaryadlar jo‘natgan. Bu haqda Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Shin Von Sik ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yilning sentyabrida Vladimir Putinning Kim Chen In bilan uchrashuvidan so‘ng, artilleriya snaryadlarini yetkazib berish tezlashgan.
KXDR o‘zining janubiy qo‘shnisi bilan harbiy to‘qnashuvga doim tayyor bo‘lib, ulkan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarga ega. Stokgolmdagi Xalqaro tinchlik tadqiqot instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreya armiyasi NATOga a’zo barcha davlatlarnikidan ko‘proq artilleriya quroliga ega va zaxirada o‘n millionlab snaryadlar mavjud. Harbiy-sanoat majmuasi mamlakatning asosiy ish beruvchisi bo‘lib, bu sohada 26 million nafar aholidan 2 millioni ishlaydi.
Vazir Shinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Shimoliy Koreyaga qurol evaziga oziq-ovqat yetkazib beradi, bu esa ikkinchisiga asosiy mahsulotlar, shuningdek, qurol ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo va butlovchi qismlar narxlarini barqarorlashtirish imkonini berdi. Agar qurol yetkazib berish ko‘paysa, Rossiya Pxenyanga ko‘proq harbiy texnologiyalarni taqdim qilishi mumkin.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga ballistik raketalar ham yetkazib beradi. Xarkov viloyati o‘qqa tutilganidan keyin ushbu raketalarning parchalari topilgan.
LiveBarchasi