Shimoliy Koreya Sariq dengizga ham raketa uchirdi

Olam

image

Bugun, 22 iyul kuni Shimoliy Koreya Sariq dengiz tomon bir nechta qanotli raketalarni uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya shtab boshliqlari qo‘mondonligiga tayanib, “Yonhap” agentligi xabar berdi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, raketalar ertalab soat 04:00 lar atrofida uchirilgan va dengizga qulagan. Janubiy Koreya va AQSH razvedka idoralari ayni paytda raketalar turi haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun parvozlarni tahlil qilmoqda.

Ma’lumot uchun, Sariq dengiz Osiyoning sharqiy qirg‘og‘ida, Koreya yarim orolining g‘arbiy qismida joylashgan Tinch okeanining sayoz shelfli dengizi sanaladi. Bu nom Xitoy daryolari, xususan, Xuanxening cho‘kindilari va chang bo‘ronlari natijasida hosil bo‘lgan suv rangidan kelib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 iyul kuni ham Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In boshchiligida qattiq yoqilg‘i dvigateliga ega “Xvason-18” qit’alararo ballistik raketasi sinovdan o‘tkazilgandi. 13 iyul kuni Jakartada Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi Tashqi ishlar vazirlari Shimoliy Koreya tomonidan raketa uchirilishidan xavotir bildirdi va Koreya yarim orolining yadrosizlanishi tarafdori ekanini ma’lum qildi. Janubiy Koreya hukumati Pxenyanga nisbatan sanksiyalarni kengaytirdi.

BMT esa Shimoliy Koreyaning ballistik raketasi Rossiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasiga qulaganini bildirdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotlarni rad etdi. Vazirlik rasmiy vakili Mariya Zaxarova bu haqida hech qanday dalil yo‘qligini aytdi. KXDRning BMTdagi doimiy vakili Kim Son Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida uchirishlar mamlakatning o‘zini o‘zi mudofaa qilish huquqiga muvofiq amalga oshirilayotganini aytdi.

19 iyul kuni Shimoliy Koreya Yapon dengizi yo‘nalishi bo‘yicha yana ballistik raketa uchirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In Shimoliy Koreya raketa Sariq dengiz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing