Shimoliy Koreya Rossiyaga yuzlab ballistik raketalar jo‘natmoqda – AQSH

Olam

image

Shimoliy Koreya hukumati rus armiyasiga yuzlab qisqa masofali ballistik raketalar va yuz minglab artilleriya snaryadlarini yetkazib bermoqda. Bu haqda AQSH Hind-Tinch okeani qo‘mondoni admiral Samuel Paparo Senat Qurolli kuchlar qo‘mitasiga bergan bayonotida so‘z ochdi.

Unga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning Rossiyaga qurol-yarog‘larni yetkazib berishni kengaytirgani mintaqaviy barqarorlikka tobora ko‘proq tahdid solmoqda.
Samuel Paparoning qo‘shimcha qilishicha, Shimoliy Koreya Ukrainadagi Rossiya kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun minglab, balki yuz minglab artilleriya snaryadlari va yuzlab qisqa masofali raketalar yuborgan.

“Buning evaziga Pxenyan ilg‘or havo hujumidan mudofaa uskunalari, jumladan, yer-havo raketa tizimlarini olishi kutilmoqda”, deydi qo‘mondon.

Uning so‘zlari ikki rejim o‘rtasidagi harbiy muvofiqlashtirishni chuqurlashtirish bo‘yicha yangilangan xavotirlar fonida paydo bo‘ldi.

Dekabr oyida Rossiyada poyezdlar karvoni Shimoliy Koreya tomonidan ishlab chiqilgan o‘rta masofaga mo‘ljallangan “Pukguksong-2” (KN-15) ballistik raketasining uchirish moslamasiga o‘xshash transport vositalarini olib ketayotgani aniqlangan edi.

Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalari mart oyining oxirigacha Shimoliy Koreyaga qurol-yarog‘ yetkazib berishning navbatdagi raundi kutilayotgani haqida xabar bergan edi. Yuklar orasida KN-23 qisqa masofali ballistik raketalari, shuningdek, 122 millimetrli va 152 millimetrli artilleriya snaryadlari – Rossiya kuchlari tomonidan hali ham keng qo‘llanilayotgan sovet davridagi tizimlarga mos keladigan o‘q-dorilar borligi aytilgan.

KXDRning Ukraina urushidagi ishtiroki

Shimoliy Koreya o‘tgan yil kuzida Rossiyaga harbiylar yuborgan edi. Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning soni 10-12 ming kishi atrofida bo‘lgan. Ular Kursk viloyatidagi janglarda ishtirok etmoqda. Yo‘qotishlar sababli KXDR qo‘shinlari vaqtincha front chizig‘idan olib chiqilgan, biroq keyinchalik Rossiya ularni yana jangga tashlagan.

OAV xabariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga askar yuborish evaziga Moskvadan bir necha turdagi dronlarni ishlab chiqish uchun texnik yordam olmoqda. Janubiy Koreya harbiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar va fevral oylarida KXDR Rossiyaga yana taxminan 3 ming askar yuborgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Shimoliy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing