Shimoliy Koreya NATOni urushga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda aybladi
Olam
−
01 avgust 2495 2 daqiqa
Shimoliy Koreya NATOni Yevropa bo‘ylab harbiy yoqilg‘i infratuzilmasini kengaytirish orqali urushga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda aybladi. Pxenyan alyansning bu rejalari NATO tobora tajovuzkor harbiy blokka aylanayotganini ko‘rsatishini bildirdi. Bu haqda Shimoliy Koreya davlat axborot agentligi (KCNA) xabar berdi.
Agentlik e’lon qilgan sharhda NATOning “Fuel Supply Chain Capability Programme Plan” dasturi tanqid qilingan. Unda aytilishicha, mazkur loyiha G‘arbiy Yevropadagi taxminan 10 ming kilometrlik yonilg‘i ta’minoti tarmog‘ini alyansning Sharqiy va Shimoliy Yevropadagi yangi a’zolari bilan bog‘lashni nazarda tutadi.
KCNA ushbu loyiha Yevropa tashqarisidagi ehtimoliy mojarolarga tayyorgarlik uchun xizmat qilayotgani haqidagi iddaolariga hech qanday dalil keltirmagan.
NATO esa 2022 yilda Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan keyin tiyib turish va mudofaa salohiyatini kuchaytirish choralarini ko‘rayotganini bildirib keladi. Shimoliy Koreya avval ham AQSH, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar, jumladan NATOga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni qoralab kelgan.
Pxenyan va Moskva 2024 yil iyun oyida o‘zaro mudofaa majburiyatini o‘z ichiga olgan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasini imzolagandan keyin harbiy aloqalarini yanada chuqurlashtirdi.
Taxminlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya 2024 yilda Rossiyaning Kursk viloyatiga 14 mingga yaqin harbiy yuborgan. Ular Ukraina qo‘shinlarining mintaqaga yirik hujumini qaytarishda Rossiya kuchlariga ko‘maklashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya AQSHning Yaponiyadagi harbiy qo‘mondonligi kengaytirilayotganini tanqid qilib, Koreya yarimorolida qurolli to‘qnashuv yuz berishi endi ehtimol emas, balki vaqt masalasi ekanini bildirgandi.
Live
Barchasi