Shimoliy Koreya Kurskda yuzlab askarlarini yo‘qotdi – AQSH 

Olam

image

Shimoliy Koreya qo‘shinlari allaqachon Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatida Ukraina qurolli kuchlari bilan janglarda halok bo‘lgan va yaralangan “bir necha yuz” askarini yo‘qotgan. Bu haqda kecha, 17 dekabr kuni Amerikaning yuqori martabali harbiy amaldoriga tayanib, “Associated Press” xabar berdi. 

Uning aniqlik kiritishicha, gap “yengil jarohatlardan tortib jangdagi o‘limgacha barcha holatlar” haqida ketmoqda va qurbonlar orasida “barcha darajadagi” Shimoliy Koreya harbiylari bor. Amerika harbiylari Kursk yaqinidagi janglarda Shimoliy Koreya qo‘shinlarining bunday katta yo‘qotishlarini ularning tajribasizligi bilan izohladi.

“Bular jangda qotgan askarlar emas. Ular ilgari jangda qatnashmagan”, deb ta’kidladi AQSH rasmiysi.

16 dekabr kuni Pentagon matbuot kotibi general-mayor Patrik Rayder KXDR harbiylari Kursk viloyatidagi janglarda ilk yo‘qotishlarga uchraganini, aniq raqamlarni keltirmaganini aytdi. Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi shu kunning o‘zidayoq ma’lum qilishicha, birgina 14 va 15 dekabr kunlari Shimoliy Koreya armiyasi bo‘linmalari kamida 30 kishi halok bo‘lgan va yaralangan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 16 dekabr kuni kechki videomurojaatida Rossiya hukumati KXDR harbiy xizmatchilari orasida yo‘qotishlarni yashirishga urinayotganini aytdi.

“Koreyslarning bu urushda o‘lishi uchun hech qanday sabab yo‘q – bu Rossiyani qamrab olgan va bu urushni kuchaytirayotgan Putinning aqldan ozishi”, deb ta’kidladi Zelenskiy.

Oktyabr oyida Zelenskiy Shimoliy Koreya o‘z askarlarini Rossiyaga Ukraina bilan urushda yordam berish uchun yuborganini aytgan edi. Keyinchalik bu ma’lumotni Janubiy Koreya razvedkasi va Pentagon tasdiqladi. Seul ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiya Federatsiyasiga 12 minggacha askarini o‘tkazishi mumkin. 

Noyabr oyida AQSH Davlat departamenti ularning ba’zilari allaqachon Kursk viloyatidagi jangovar harakatlarda ishtirok etgani haqida xabar bergan edi. Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva har bir harbiy xizmatchi uchun Pxenyanga 2000 dollar to‘laydi, bu KXDR oddiy fuqarosining 83 yillik maoshiga teng.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin iyun oyida Shimoliy Koreyaga tashrif buyurgan va Kim Chen In bilan keng qamrovli strategik hamkorlik shartnomasini imzolagan edi. Ushbu hujjat haqiqatda mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy ittifoqni mustahkamlaydi. Bitimning 4-moddasiga ko‘ra, tomonlardan biriga hujum qilingan taqdirda ikkinchisi barcha mavjud vositalar bilan harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shimoliy Koreya Kursk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing