Shimoliy Koreya AQSHni ogohlantirdi

Olam

image

Bugun, 7 mart kuni Shimoliy Koreya o‘z sinov raketalarini urib tushirishga qaratilgan har qanday harakatni urush e’lon qilinishi deb baholanishini aytdi hamda AQSH va Janubiy Koreyani qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazib, keskinlikni kuchaytirishda aybladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi Kim Yo Chjon bayonot bilan chiqib, agar AQSH Shimolning strategik qurol sinovlariga qarshi harbiy chora ko‘rsa, Pxenyan buni “urush e’loni” sifatida ko‘rishi haqida ogohlantirgan. Shuningdek, u Shimoliy Koreya Tinch okeaniga ko‘proq raketa otish ehtimoli borligiga ishora qilgan. 

“Tinch okeani AQSH yoki Yaponiya hukmronligiga tegishli emas”, degan Kim Yo Chjon.

Ta’kidlash joizki, AQSH va uning ittifoqchilari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan taqiqlangan Shimoliy Koreya ballistik raketalarini hali urib tushirmagan, ammo bu masala kun tartibidan yiroq emas. Chunki KXDR Yaponiya ustidan ko‘proq raketa uchirishni reja qilmoqda.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, agar Shimoliy Koreya Tinch okeanini “o‘q otish maydonchasi”ga aylantirish tahdidiga amal qilsa, bu izolyatsiya qilingan va yadroviy qurolga ega davlatga o‘zining harbiy qarorini ko‘rsatishdan tashqari, texnik yutuqlarga erishish imkonini beradi.

Shuningdek, Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligining tashqi xabarlar bo‘limi boshlig‘i ham kecha, 6 mart kuni bayonot bilan chiqib, AQSHni B-52 bombardimonchi samolyoti bilan birgalikda havo mashg‘ulotlari o‘tkazish va AQSH-Janubiy Koreya dala mashg‘ulotlarini rejalashtirish orqali vaziyatni og‘irlashtirishda ayblagan.

Ma’lumot uchun, 1950–1953 yillardagi Koreya urushi merosi sifatida Janubiy Koreyaga 28 500 ga yaqin AQSH askari joylashtirilgan. Bu esa urush tinchlik shartnomasi bilan emas, balki sulh bilan yakunlangani ko‘rsatadi. Mamlakatlar o‘rtasida to‘qnashuvli vaziyatlar hamon davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH B-52 bombardimonchi samolyotini Janubiy Koreya qiruvchi samolyotlari bilan qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazish uchun yarimorolga joylashtirgandi. Janubiy Koreya mudofaa vazirligi bu Shimoliy Koreyaning yadroviy va raketa tahdidlariga qarshi kuch namoyishi ekanini aytgandi. Shuningdek, ikki davlat kelasi haftada “Ozodlik qalqoni” deb nomlanuvchi keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtirgani ma’lum qilingandi.
 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Kim Chen In Shimoliy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing