Shimoliy Koreya 16 yil ichida ilk bor boshqa mamlakatga xayriya qildi
Olam
−
18 iyun 2021
11425Shimoliy Koreya Myanma uchun 300 ming dollar xayriya qildi. Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) harbiy to‘ntarishdan keyin jabr ko‘rgan mamlakatga insonparvarlik yordami tashabbusi doirasida amalga oshirildi. Bu haqda “The Korea Times” xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, bu Pxenyanning boshqa davlatga 2005 yildan beri birinchi marta xayriya qilishi. Bundan tushunish mumkinki, Pxenyan va Neypido (Myanma poytaxti) o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi. Buning yana bir misoli, joriy yilning yanvar oyida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakati mustaqilligining 73 yilligi munosabati bilan Myanma Prezidentiga murojaat yuborgan. U murojaatida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro an’anaviy, do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga umid bildirgan.
KXDRdan tashqari, Myanmani Janubiy Koreya, shuningdek, bir nechta G‘arb davlatlari qo‘llab-quvvatlagan. Eng katta xayr-yehson AQSH tomonidan qilingan — ular mamlakatga 23 million dollardan ko‘proq mablag‘ yuborgan.
Shimoliy Koreya kamdan-kam holatda moliyaviy xayr-ehson qiladi, chunki u dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biri. Joriy yilning 16 iyun kuni Kim Chen In mamlakatda ocharchilik bo‘lishi mumkinligi haqida e’lon qilgandi. Shimoliy Koreya rahbarining aytishicha, o‘tgan yilgi to‘fon g‘alla yetishtirish rejasini amalga oshirishga xalaqit bergan. Shu sababli, mamlakatda aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashda keskin vaziyat rivojlanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Myanmada joriy yilning 1 fevral kuni armiya Tashqi ishlar vaziri va davlat maslahatchisi Aun San Su Chji va boshqa yuqori lavozimli amaldorlarni hibsga olib, hokimiyatni egallab olganini e’lon qildi. Hozirda mamlakatda hokimiyat Myanma Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Min Aun Xlaynning qo‘lida.
Harbiylarning ta’kidlashicha, davlat to‘ntarishi 2020 yil 8 noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda katta miqdordagi firibgarliklar haqidagi da’volarga javobdir. To‘ntarishdan keyin mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi.
Myanmani bir yil davomida harbiy xunta boshqaradi. Mamlakatdagi harbiy to‘ntarish oqibatida 24 vazir va ularning o‘rinbosarlari o‘z lavozimlaridan mahrum bo‘ldi. Keyinchalik, 1 aprel kuni harbiy xunta bir oylik sulh e’lon qildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, tartibsizliklar davomida 700 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 250 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr