Kim Chen In KXDR aholisini ocharchilik tahdididan ogohlantirdi
Olam
−
16 iyun 2021
8428Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yetakchisi Kim Chen In mamlakatda oziq-ovqat yetishmovchiligi boshlanishi mumkinligi haqida e’lon qildi. Bu haqda u Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasining plenumida gapirgan, deb xabar bermoqda NHK telekanali.
“O‘tgan yilgi to‘fonning zarari tufayli g‘alla yetishtirish rejasi bajarilmadi va shu sababli, hozirgi paytda aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashda keskin vaziyat mavjud”, degan Shimoliy Koreya rahbari.
Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus tufayli KXDRda joriy qilingan karantin choralarining uzaytirilishi “aholini kiyim-kechak, oziq-ovqat va uy-joy bilan ta’minlash uchun kurashning cho‘zilishiga olib kelgan”.
Bundan tashqari, Kim Chen In Shimoliy Koreya partiyasi va xalqini yangi “qiyin yurish”ga tayyor bo‘lishga chaqirgani aytilmoqda. KXDR tarixidagi ushbu atama XX asrning 90-yillari, mamlakat ommaviy ocharchilik tufayli og‘irlashgan iqtisodiy inqirozni boshdan kechirayotgan davrni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Kim Chen In mamlakatdagi vaziyat har qachongidan ham yomonroq ekanini tan olgandi.
Iyun oyi boshlarida esa KXDR yetakchisining vazni sezilarli darajada kamaygani ma’lum bo‘lgandi.
LiveBarchasi