Shifokor 1000 dollar oylik olmasa, bolalarini, nabiralarini qanday boqadi? – Mirziyoyev
Jamiyat
−
26 noyabr 2020
19154Hozirgi davrda O‘zbekistonda o‘qituvchi va shifokorlarning nufuzini oshirish va yuqori maosh bilan ta’minlashga asosiy e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 20 noyabr kuni Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari va pedagoglar bilan muloqot qilgandi.
Prezident uchrashuvda rejalar katta ekanini aytib, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlari 1000 dollar miqdorida ish haqi olishi kerakligini bildirdi.
“Oddiy muallim 1000 dollar ish haqi olmasa, u ishga kelishi kerak emas. Shifokor ham xuddi shunday, 1000 dollar olmasa, ertaga uyga borib bolasini, nabirasini qanday boqadi? Qilishimiz mumkinmi? Mumkin. Tinchlik, osoyishtalik kerak, bir-birimizni to‘g‘ri tushunishimiz kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, uchrashuvda ta’lim va tibbiyot sohalaridagi islohotlarning ahamiyati, ularni quyi tizimda amalga oshirish choralari haqida suhbatlashilgan.
Shavkat Mirziyoyev aholi sog‘liqni saqlash tizimidan norozi ekanini ta’kidlagan.
“Shifoxonadan chiqqan 20 ta odam bilan gaplashinglar, hammasini aytadi. Ko‘pchilik tibbiy xizmatlar sifatidan norozi”, degandi Prezident.
Shundan so‘ng, Davlat rahbari Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurilishini borib ko‘rgan.
“Bunday, hamma yo‘nalishni qamrab olgan klinikani boshqarish tajribasi bizda yo‘q. Shuning uchun bu yerni boshqarishni tajribali xorijlik menejerlarga berish, ularni hozirdan jalb etib, qurilish va jihozlash bo‘yicha takliflarini olish zarur”, degan davlat rahbari.
Markazda 600 ta koyka bo‘ladi. Ambulator va statsionar tartibda 200 dan ortiq tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yiladi. Yiliga 3000 dan ziyod, jumladan, aorta-koronar shuntlash, estetik-plastik xirurgiya, artroplastika, organ va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazish kabi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini bajarish mumkin bo‘ladi.
Umidjon Nozimjonov
LiveBarchasi