“Sheremetevo”da reyslar bekor qilindi. Aybni xakerlar o‘z bo‘yniga oldi (video)

Olam

image

Rossiyaning “Aeroflot” aviakompaniyasi bugun, 28 iyul kuni ertalab uning axborot tizimlarida nosozlik yuz bergani haqida xabar berdi.

“Shu bilan bog‘liq holda, parvozlar jadvaliga majburiy tuzatishlar kiritilishi kutilmoqda, jumladan, parvozlarni keyinga qoldirish va bekor qilish yo‘li bilan”, deyiladi kompaniya xabarida.

Hodisa ortidan tashuvchi Moskvadagi “Sheremetevo” aeroportiga va undan qaytadigan 42 ta reysni bekor qildi, aeroportda yo‘lovchilar navbatlari paydo bo‘ldi. Moskva prokuraturasi tergov ishlarini boshlagan.

“Aeroflot” yo‘lovchilardan aeroport veb-saytlari va ma’lumotlar taxtalarida ko‘rinadigan ma’lumotlarni, shuningdek, aeroportlardagi karnay orqali e’lonlarni kuzatishni so‘radi. Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, ular parvoz rejasini bajarish xavfini minimallashtirish va xizmatlarining faoliyatini imkon qadar tezroq tiklash uchun ishlamoqda.

“Aeroflot” bilan bir guruhga kiruvchi “Rossiya” va “Pobeda” aviakompaniyalari nosozlik haqida xabar bermadi.

Silent Crow va Cyberpartisans BY xakerlik guruhlari “uzoq muddatli va keng ko‘lamli operatsiya” o‘tkazgani, natijada “Aeroflotning “ichki IT infratuzilmasi” “butunlay buzilgan va yo‘q qilingani”ni e’lon qildi. Silent Crow  xakerlar guruhi bir yil davomida “Aeroflot”ning ichki korporativ tarmog‘iga kirish imkoniga ega ekanini aytdi. Ularga ko‘ra, hujum 7000 ga yaqin jismoniy va virtual serverlarni o‘chirib qo‘ygan. Hujumchilarning ta’kidlashicha, ular parvozlar tarixiga ega bo‘lgan ma’lumotlar bazalariga kirish imkoniga ega bo‘lishgan, barcha asosiy korporativ tizimlarni buzib kirishgan, xodimlarning shaxsiy kompyuterlari, jumladan kompaniya boshqaruv qurilmalari ustidan nazoratni egallab olgan, shuningdek, tinglash serverlari va xodimlarni kuzatish tizimlaridan ma’lumotlarni nusxalashgan.

Ularning hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘g‘irlangan ma’lumotlarning umumiy hajmi 12 terabaytni tashkil qiladi.

Telegram-kanalda e’lon qilingan bayonotda Silent Crow barcha resurslar yo yo‘q qilingan yoki endi foydalanish imkoni yo‘qligini va qayta tiklash o‘n millionlab dollarga tushishi mumkinligini da’vo qilmoqda. Ular yetkazilgan zararni strategik deb atadi.

Ma’lumot uchun, “Aeroflot” – Rossiyadagi eng yirik aviatsiya guruhi. Uning tarkibiga “Aeroflot”, “Rossiya” va “Pobeda” kiradi. 2024 yilda uchta kompaniya 55,3 million yo‘lovchini tashidi, guruhning Rossiya havo transporti bozoridagi ulushi 42,3 foizni tashkil etdi. 2024 yil holatiga ko‘ra, “Aeroflot” va “Rossiya” aviakompaniyalarining yo‘nalishlar tarmog‘i 248 ta doimiy yo‘nalishni, “Pobeda” tarmog‘i esa 94 ta yo‘nalishni o‘z ichiga olgan.

Oxirgi haftalarda Ukraina dronlarining hujumlari tufayli Rossiyada reyslar qayta-qayta bekor qilindi va vaqti o‘zgartirildi. “Aeroflot” joylashgan Sheremetevo aeroportining faoliyati ko‘pincha dron hujumlari tahdidi tufayli cheklangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Aeroflot Sheremet'evo Silent Crow Cyberpartisans BY

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing