Shodmonov yolg‘on gapirgan. Senat SSV ustidan Hukumatga xat kiritdi
Jamiyat
−
25 dekabr 2019
21504Kecha, 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikaspi Senati Kengashining Umumiy ovqatlanish korxonalari va ta’lim tizimida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid qonun hujjatlarining ijrosini o‘rganish natijalariga bag‘ishlangan majlisiga Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning kelmagani tobora kun tartibiga chiqmoqda.
Mazkur holatga bugun Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ham munosabat bildirib, Alisher Shodmonovdan yig‘ilishga bormagani sabablarini so‘radi. Shodmonov esa yig‘ilish haqida ogohlantirilmaganini aytdi. Senat Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev so‘z olib, yig‘ilishga taklif maktubi joriy yilning 18 dekabr kuni yuborilganini ta’kidladi. Shodmonovning e’tiroziga Oliy Majlis Senati rasmiy munosabat bildirdi. Unda shunday deyiladi:
“Joriy yil 24 dekabr kuni Oliy Majlis Senati Kengashining umumiy ovqatlanish korxonalari va ta’lim tizimida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid qonun hujjatlarining ijrosini o‘rganish natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda sog‘liqni saqlash vazirining mazkur masala yuzasidan axborot berishi ko‘zda tutilgan bo‘lishiga qaramasdan, vazirlik rahbariyati Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining rasmiy xatini (18.12.2019 yildagi 09-17/2549-sonli xat) e’tiborsiz qoldirib, noma’lum sabablarga ko‘ra majlisda ishtirok etmadi.
Biroq, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ushbu holatni batafsil o‘rganmasdan, shu yil 25 dekabrda Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Senat Kengashining kengaytirilgan majlisida ishtirok etish uchun yozma taklif kelib tushmaganligini bildirgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Oliy Majlis Senatining tegishli Qo‘mitasi xati 2019 yil 20 dekabr kuni feldaloqa xizmati orqali yetkazilgan va shu kuni soat 11:45 da Sog‘liqni saqlash vazirligining mas’ul xodimi tomonidan qabul qilib olingan.
Sog‘liqni saqlash vazirining mazkur xatti-harakatlari va vazirlikdagi ijro intizomini kuchaytirish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligi yuzasidan Oliy Majlis Senati tomonidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli xat yuborildi”.
LiveBarchasi