Vodiyda qiz chiqarayotgan ota kulfatning ichida qolib ketadi – Senator

Jamiyat

15 kundirki O‘zbekiston to‘ylar masalasi yana trendda turibdi. Bugun, 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasini yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Unda senator Enaxon Siddiqova qarorni targ‘ib qilish va ijrosini ta’minlashda har bir viloyatga alohida yondashish haqida gapirdi. 

 “Har bir viloyatning o‘z qadriyatlari va xususiyatidan kelib chiqib yondashishimiz kerak. Masalan, Farg‘onada qishloqlarda to‘yga velosipedda yurib, taklif qilinadi.  Taklifnoma yo‘q. 200 kishilik talab bu yerlarda qanday bo‘ladi? Odamlar to‘yda mehmon bo‘lgani va tomosha qilgani keladi, ayniqsa, yoshlar. 200 kishi o‘tirsa, 500, 1000 kishi tomosha qilishi ham mumkin. Buning qonun-qoidasi qaysi tartibda bo‘ladi? Bu taraflarini ham chuqur o‘ylash kerak”. 

Ma’lumki, urf-odatlar, qiz bergan tarafning tili qisiqligi poytaxt Toshkent va vodiyda avjiga chiqqan. Ayniqsa, andijonliklarning kuyov “sho‘rlik”ning uyiga 40 kun ovqat tashishini bugun hech qaysi mezonlar bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Xo‘sh, bu urf-odat deb atalayotgan bid’atlarni kim o‘ylab topgan? Odamlar emasmi? Nega odamlar o‘zi o‘ylab topgan narsalarga shu qadar tobe? Eng yomoni o‘zi tobe qolayotgan narsalar oqibatida oilalar buzilyapti, ota-onalar og‘ir xastaliklarni orttirib olyapti. 

Enaxon Siddiqova o‘z so‘zida vodiy to‘ylarining fojiasiga to‘xtaldi:

“Vodiyning to‘ylarida juda og‘ir fojiaviy tomonlari bor. Qiz chiqarayotgan tomon kulfatning ichida qolib ketadi. Yaqinda bir oqsoqol mening yonimga kelib, “To‘y haqida qaror qabul qildinglar, lekin hech narsa o‘zgarmadi.  Olti qizim bor. Uchta qizimni chiqardim. Yana uchta qizim bor. Avval usta qiz chiqarganni jannati deyishardi, men do‘zaxi bo‘lib turibman. Yana uchta qizni chiqarish uchun umrim yetadimi, yo‘qmi... Qiz chiqaraman deb, o‘lib ketamanmi?”, degan gaplarni soqollariga ko‘zyoshlari tomib aytdi.  Qiz tomonga nihoyatda jabr. Yigit tomonning uyini ipidan ignasigacha qilib, bezatib qo‘yishi kerak. Qiz tomoni kulfatning ichida qolyapti. 

Qolaversa, biz ayollar o‘ylab topyapmiz yangi mo‘jizalarni, yangi kashfiyotlarni. Hech kim bizga shuncha ko‘rpa, shuncha ko‘ylak, shuncha sarpo qilasan, degan talabni qo‘yayotgani yo‘q. 

Shu bois Xotin-qizlar qo‘mitasidan tortib, “Oila” ilmiy-amaliy markazigacha hammamiz sa’y-harakatlarimizni birlashtirmasak, ko‘rib ko‘rmaslika, eshitib eshitmaslikka olish davom etaveradi. 

Har bitta viloyat xalq deputatlari kengashi o‘g‘il tomon va qiz tomonga me’yorlarni, ma’raka va marosimlar, tug‘ilgan kun o‘tkazish tartiblarini aniq ishlab chiqishi kerak”. 


Maqola muallifi

Teglar

to'y Enaxon Siddiqova

Baholaganlar

161

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing