Kremlyov kichik Trampning to‘yi xarajatlarini “ko‘targani” ma’lum bo‘ldi
Olam
−
21:05 1146 3 daqiqa
Kremlga yaqin bo‘lgan tadbirkor, Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) rahbari Umar Kremlyov AQSH Prezidentining o‘g‘li kichik Donald Trampning to‘yini moliyalashtirgani ma’lum bo‘ldi. Biroq kichik Tramp Kremlyov to‘yga sarflagan pullarni unga qaytargan. Bu haqda Amerika yetakchisi jurnalistlarga ma’lum qildi.
Trampning fikricha, do‘sti uchun ziyofat haqini to‘lash faktida hech qanday noqonuniy narsa bo‘lmagan va o‘zi ham ko‘p marta shunday qilgan. Shunga qaramay, Prezidentning aytishicha, u ushbu voqeadan xabar topgach, o‘g‘lidan bu haqda so‘ragan va u: “Men unga pullarni qaytaryapman, dada”, deb javob bergan.
“U bunday bo‘lishini xohlamagan edi, shuning uchun, eshitishimcha, hammasini qoplab bergan”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Oq uy rahbari, shuningdek, o‘g‘li Kremlyovning Rossiya rahbariyati bilan aloqalari haqida bilmagan bo‘lishi mumkinligini, chunki “uning tarjimai holini tekshirib o‘tirmaganini” taxmin qilgan. Kichik Trampga yaqin manba “The Washington Post” nashriga mablag‘lar qaytarilgani faktini tasdiqlagan.
Bundan oldinroq kichik Trampning rafiqasi Bettina Anderson “qadrdon do‘sti Umar” to‘yning o‘zidan so‘ng ikkita “hayratlanarli bayram kechasi”ni tashkillashtirib, yangi oila qurganlarga “favqulodda saxovatli to‘y sovg‘asi” qilganini aytgan.
“ProPublica” nashri Kremlyov Bagama orollaridagi xususiy orol ijarasini, mushakbozlikni va yuz minglab dollarlik yirik xarajatlarni to‘laganini, uning jamoasi esa tantana tayyorgarligida ishtirok etganini aniqlagan.
Surishtiruv e’lon qilingach, AQSH Vakillar palatasida kichik Trampning maxfiy ma’lumotlarga kirish huquqi bor-yo‘qligi, Oq uyga Kremlyov bilan aloqalarini ochiqlagan-ochiqlamagani va bu yerda xorijdan aralashuv yo‘qligini aniqlashga kirishgan.
“Proyekt” ma’lumotlariga ko‘ra, Kremlyov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Xavfsizlik xizmatini boshqaradigan Aleksey Rubejniy bilan do‘st. Tovlamachilik va kaltaklash uchun sudlangan tadbirkorning qo‘lida milliylashtirilgan “Rolf” avtodileri va boshqa aktivlar to‘plangan. Shuningdek, u Rossiyaning sirtdan bukmekerlik tizimini nazorat qiladi, jumladan, bir nechta shunday kompaniyalarning benefitsiari hisoblanadi. Joriy yilning aprel oyida Putin Kremlyovni “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlagan.
Kichik Trampning vakili Kremlyovni uning do‘sti deb atagan va ular boksga hamda hordiq chiqarishga bo‘lgan umumiy qiziqish tufayli yaqinlashganini aytgan. Rossiyalik tadbirkorning matbuot xizmati ushbu ma’lumotni tasdiqlab, ular bir necha yil oldin tanishganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, kichik Donald Tramp va uning rafiqasi Bettina Andersonning nikoh to‘yi joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tgan. 21-22 may kunlari Florida shtatining Vest-Palm-Bich shahrida oila a’zolari ishtirokida rasmiy nikoh marosimi o‘tkazilgach, 22-24 may kunlari Bagama orollaridagi xususiy orolda do‘stlar va mehmonlar uchun uch kunlik dabdabali to‘y bayrami va ziyofatlari tashkil etilgan.
Live
Barchasi