Ronalduning to‘yi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi
Sport
−
11:47 1221 2 daqiqa
Futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu uzoq yillik sevgilisi, model va inflyuyenser Jorjina Rodriges bilan to‘yi kecha, 11 avgust kuni Portugaliyada bo‘lib o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Ronalduning vakillari “Reuters”ga ma’lum qildi.
Portugaliyalik hujumchi o‘zining Instagram sahifasiga xotinining qo‘lida nikoh uzuklari aks etgan suratni joylashtirdi.
Ma’lum qilinishicha, yilning eng kutilgan to‘ylaridan biri kecha, 11 avgust kuni Lissabon yaqinidagi Kashkaysh sohil shahrida bo‘lib o‘tgan. Marosimda juftlikning besh nafar farzandi ham ishtirok etgan.
Ronalduning Instagram’dagi posti joylashtirilganidan 30 daqiqa o‘tib, uch milliondan ortiq layk to‘plagan.
Juftlik qariyb 10 yildan beri birga. Ular Jorjina ishlagan Madriddagi Gucci do‘konida tanishgan. O‘sha paytda Ronaldu “Real Madrid” safida o‘ynar edi.
Ma’lumot uchun, Ronaldu o‘tgan yilning aynan 11 avgust kuni sevgilisi Rodrigesni qo‘lini so‘ragandi. O‘shanda Rodriges katta nikoh uzugi aks etgan suratni joylashtirib, ispan tilida “Ha, men roziman. Bu safar ham, butun hayotim davomida ham”, deb yozgan.
Ronaldu faoliyati davomida Lissabonning “Sporting”, “Manchester Yunayted”, “Real Madrid”, “Yuventus” va Saudiya Arabistonining “An-Nasr” klublari safida o‘ynagan.
Ronaldu yaqinda faoliyatidagi oltinchi Jahon chempionatida ishtirok etdi. Bu erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionatlarida eng ko‘p ishtirok etish rekordi bo‘lib, u bu ko‘rsatkichni argentinalik Lionel Messi bilan baham ko‘rmoqda.
Live
Barchasi