Telekanallarda Yulduz Usmonovaning kliplariga “ZAPRET” qo‘yilgan – Manba
Madaniyat-san’at
−
29 may 2020
95828O‘zbekistondagi telekanallarda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlari va kliplariga norasmiy taqiq o‘rnatilgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Yulduz Usmonovaning kliplariga taqiq o‘rnatilishiga xonandaning mamlakat ichki ishlar organlari xodimlariga qaratilgan haqoratomuz chiqishi sabab bo‘lgan.
Ayni vaqtda Usmonovaga nisbatan navbatdagi taqiq haqidagi ma’lumotlar rasmiy kuchga emas. QALAMPIR.UZ bir necha xususiy telekanallar xodimlari bilan muloqot qildi. Unda ma’lum bo‘lishicha, taqiq norasmiy ravishda o‘rnatilgan.
Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov bilan bog‘landik. U Usmonovaning qo‘shiqlari va kliplariga nisbatan “O‘zbekkonsert” tomonidan hech qanday taqiq o‘rnatilmaganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bundan avval ham bir necha bor taqiqqa tushgan edi. Bularning eng so‘nggisi 11 yil davom etgan. 2006 yilda Usmonovaning yirik davlat tadbirlarida ishtirok etishiga nuqta qo‘yildi. 2007 yildagi konsert dasturidan keyin “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyining eshiklari Usmonova uchun yopildi. Shundan so‘ng, u faoliyatini Turkiyada davom ettirdi. 2016 yil 5 dekabr kuni Yulduz Usmonovaga qo‘yilgan taqiqlar olib tashlandi.
Navbatdagi "ZAPRET"ga sabab bo‘luvchi xronologiya
O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova 3 may kuni Instagram'dagi sahifasidagi jonli efirda Ichki ishlar xodimlarini ishlamayotganga chiqarib, ular bugun marhum Birinchi Prezident Islom Karimov davrida yashamayotgani, har kuni klizma olishga o‘rganib qolganini aytgandi. Xonanda efirda "Padarla’anati bo‘ldilaring bugun" degan so‘zlarni qo‘llagan edi. Ushbu video jamoatchilikning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Avvaliga Madaniyat vazirligi munosabat bildirdi. Bu orada Yulduz Usmonova Ichki ishlar xodimlaridan uzr so‘radi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi esa keskin bayonot bilan chiqdi. Usmonovaning harakatlari ustidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari boshlangani ma’lum qilindi. IIV Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov esa Yulduz Usmonovaning ruhiy sog‘lomligiga shubha bilan qarayotganini aytdi.
So‘ng "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi xonandaning xatti-harakatlari Madaniyat vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashida muhokama qilinishi aytib chiqdi. Ammo, bu masalaga qaytilmadi.
IIV 5 may kuni Yulduz Usmonova ishi bo‘yicha sud bo‘lib o‘tishini ma’lum qilib, OAVni Ma’muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga taklif qildi. Ammo sud bo‘lmadi.
Mamlakatda bo‘lib o‘tgan voqealar esa Turkiya matbuotigacha yetib bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi esa Usmonovaning sudi nega o‘tmaganini ochiqladi.
Usmonova 7 may oqshomida yana bir bor Ichki ishlar xodimlari va ularning ota-onalaridan uzr so‘rab chiqdi.
LiveBarchasi