Masjidlar, jamoat transporti va restoranlar... Ular faoliyati qachon tiklanadi?
Jamiyat
−
14 may 2020
41163O‘zbekistonda karantin choralari yumshatilishiga qaramay, cheklovlar aholining ijtimoiy masofa saqlash imkoni bo‘lmagan ehtiyoj manbalarida saqlanib qoladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 may kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Biz hokimlar tomonidan karantin choralarini yumshatish bo‘yicha kecha va bugun berilgan har bir taklifni atroflicha o‘rganib chiqdik. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va ekspertlar bilan har tomonlama muhokama qildik. Bugungi kundagi epidemiologik holatdan kelib chiqib, ko‘p takliflar ma’qullandi va ular bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi qaror qabul qildi. Shu bilan birga virus tarqalishi xavfi borligini nazarda tutib aytish mumkinki, bir qator yo‘nalishlar faoliyat yuritishiga hali juda erta. Qani biror 10 kun yashab ko‘raylik, qanday bo‘ladi. Odamlarimiz karantin normalarini, biz bergan tavsiyalarni e’tiborga olsa, hammasini ochamiz. Bu o‘zimizning qo‘limizda”, dedi davlat rahbari.
Aholi ko‘p to‘planadigan va ijtimoiy masofani saqlash imkoni bo‘lmagani uchun quyidagilarda karantin cheklovlari saqlab qolinadi.
• barcha turdagi jamoat transportlari;
• buyum bozorlari;
• choyxonalar;
• umumiy ovqatlanish shoxobchalari;
• barcha ta’lim muassasalari;
• ziyoratgohlar.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni aniqlangan edi. 16 martdan e’tiboran mamlakatdagi barcha ta’lim muassasalari yopildi. Keyinroq ushbu cheklovlar masjid va ziyoratgohlarga, restoran va kafelar, bozorlar va savdo majmualariga nisbatan joriy etildi. Jamoat transport faoliyati birinchi bo‘lib poytaxt Toshkentda joriy yilning 22 martidan e’tiboran to‘xtatildi.
LiveBarchasi