Koronavirus bilan bog‘liq tibbiy masalalar bo‘yicha call-markaz ishga tushirildi
Jamiyat
−
16 mart 2020
12963Kecha, 15 mart kuni Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi Matbuot anjumanida Bosh vazir Abdulla Aripov 16 mart kuni koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq tibbiy masalalar bo‘yicha call-markaz ishga tushirilishini e’lon qilgan edi.
Bugun, 16 mart kuni va’da qilinganidek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 1003 yagona qisqa raqamli Call-markaz ishga tushirildi.
Siz ushbu markaz orqali koronavirus infeksiyasi yoki o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligi bilan bog‘liq savollaringiz bo‘lsa shu raqamga qo‘ng‘iroq qilib, mutaxassislardan tibbiy asoslangan javoblar va tavsiyalarni olishingiz mumkin.
Call-markaz tunu kun xizmatingizda bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat kecha, 15 mart kuni soat 06:00 da qayd etildi. Ushbu virusni yuqtirib olgan bemor – oliy toifali shifokor 11 mart kuni Fransiyadan qaytgan bo‘lgan. Ayni vaqtda O‘zbekistonda koronavirus bilan og‘riganlar 6 kishini tashkil etmoqda. Mamlakatdagi qolgan 5 bemorning 4 nafari birinchi bemorning yaqin qarindoshlari. Bir nafar bemor esa Kecha, 15 mart kuni soat 05:15 Istanbul-Toshkent reysida Turkiyadan O‘zbekistonga kelgan.
Ma’lumot uchun, dunyo bo‘yicha 170 029 kishi koronavirusga chalingan. Ulardan 6524 nafar bemor vafot etgan, 77 778 nafar bemor xastalikdan forig‘ bo‘lgan.
Hurmatli fuqarolar, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sabab vahima ko‘tarishga asos yo‘q. Virusni yuqtirib olmaslik uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qiling.
LiveBarchasi