Shavkat Mirziyoyevga FAOning oliy mukofoti topshirildi
Jamiyat
−
16:11 915 2 daqiqa
Bugun, 6 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dun’yuyni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, FAO rahbari Butunjahon paxta kuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya hamda dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning agrar va oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga bag‘ishlangan ikkinchi forumda ishtirok etish uchun O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston bilan BMTning mazkur nufuzli tuzilmasi o‘rtasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilingan.
So‘nggi yillarda amaliy hamkorlik doirasida erishilgan natijalar mamnuniyat bilan qayd etilgan. Yangi besh yillik dastur qabul qilingan. Ayni paytda 27 ta qo‘shma loyiha faol bosqichga kirgan.

O‘zbekiston ilk bor 2028 yildan 2029 yilgacha bo‘lgan davr uchun FAO Kengashi tarkibiga saylangan. Ertaga Toshkentda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun Agroinnovatsiyalar xabi ishga tushiriladi.

Uchrashuv davomida yangi hamkorlik dasturini samarali amalga oshirish, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, iqlim moliyasi mablag‘larini jalb qilish, tajriba almashish hamda mutaxassislar tayyorlash kabi yo‘nalishlarda istiqbolli qo‘shma loyihalar portfelini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilgan.
Samimiy muloqot yakunida Syuy Dun’yuy O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish sohalaridagi tashabbuslari va erishgan yutuqlarining yuksak e’tirofi sifatida davlat rahbariga FAOning oliy mukofoti – “Agricola” medalini topshirgan.

BMTning FAO tashkiloti tomonidan 1977 yilda ta’sis etilgan “Agricola” medali ochlikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash kabi umuminsoniy maqsadlarga erishish yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan hamda amaliy choralarni amalga oshirgan atoqli arboblarga beriladi.
Live
Barchasi