Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga boradi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichining taklifiga binoan 18-20 dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif dasturiga muvofiq, Tokio shahrida Yaponiya Imperatori Naruxito, Bosh vazir Sanae Takaichi, parlament rahbariyati, hukumat a’zolari, siyosiy partiyalar vakillari va yetakchi universitetlar rektorlari bilan uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Kun tartibidan O‘zbekiston – Yaponiya strategik sheriklik munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish hamda rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.

Ishbilarmonlik dasturi doirasida Yaponiyaning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvlar va tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda investitsiya loyihalarini ilgari surish masalalari atroflicha muhokama qilinadi. Ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilinishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” muloqoti davlat rahbarlarining birinchi sammitida ishtirok etadi. Tadbir doirasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror taraqqiyot, o‘zaro bog‘liqlik va mintaqaviy sheriklikni mustahkamlash hamda inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.

Sammit yakunlari bo‘yicha Tokio deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Sammit dastlab 2024 yil avgust oyida Qozog‘istonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, ammo Yaponiyada Tinch okeani sohilida mega zilzila xavfi yuzaga kelishi munosabati bilan favqulodda tayyorgarliklar sabab bekor qilingan edi.

Yaponiya ushbu sammit orqali Markaziy Osiyo bilan diplomatik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni maqsad qilgan. Sammitda mintaqaviy xavfsizlik, savdo va investitsiya imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda. Yapon rasmiylari ushbu tadbirni global davlatlarning mintaqaga ta’sirini muvozanatlash imkoniyati sifatida ko‘rmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19-20 dekabr kunlari Yaponiyaning Tokio shahrida Markaziy Osiyo – Yaponiya sammiti o‘tkazilishi xabar qilingandi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa 18-20 dekabr kunlari Yaponiyaga rasmiy tashrif bilan boradi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Yaponiya Sanae Takaichi Markaziy Osiyo – Yaponiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing