Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinga maktub yo‘lladi
Jamiyat
−
13:38 2244 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga maktub yo‘llab, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat dumasiga saylovlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari bo‘lib o‘tgan saylovlar Rossiya jamiyatining yuksak siyosiy madaniyati va fuqarolik hamjihatligini yana bir bor yaqqol namoyon etganini ta’kidlagan.
Saylovchilarning rekord darajadagi ishtiroki va ovoz berish natijalari Rossiya fuqarolari Prezident Vladimir Putin rahbarligida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni davom ettirish va milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan strategik yo‘nalishga yuksak ishonch bildirayotgani hamda uni so‘zsiz qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat berishi qayd etilgan.
O‘zbekiston Prezidenti ikki mamlakat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari misli ko‘rilmagan sur’atlarda rivojlanayotganini katta mamnuniyat bilan ta’kidlagan. Ko‘p qirrali aloqalarda alohida o‘rin tutadigan parlamentlararo hamkorlik bundan buyon ham ikki tomonlama loyiha va dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga xizmat qilishi qayd etilgan.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali O‘zbekiston – Rossiya hamkorligini har tomonlama rivojlantirishga kuchli sur’at bag‘ishlash, uni mamlakatlar ravnaqi va xalqlar farovonligi yo‘lida yangi tashabbuslar bilan boyitishga ishonch bildirilgan.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Vladimir Putinga mustahkam sog‘lik va davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar, do‘st Rossiya xalqiga esa tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tilagan.
Live
Barchasi