Shavkat Mirziyoyev UNESCO Bosh direktori Odri Azulega maktub yo‘lladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Odri Azulega maktub yo‘llab, uni UNESCO Bosh direktori lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabrikladi va unga eng ezgu tilaklarini bildirdi

“Nomzodingiz keng qo‘llab-quvvatlangani tinchlikni ta’minlash va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi faol sa’y-harakatlaringiz va Tashkilotingiz qo‘shayotgan katta hissaning navbatdagi tasdig‘i bo‘ldi.

Sizning ushbu lavozimdagi muvaffaqiyatli va natijador faoliyatingiz, Siz tomondan ilgari surilayotgan muhim tashabbuslar va gumanitar loyihalar pandemiya davrida UNESCO’ning muvofiqlashtiruvchi sifatidagi o‘rni mustahkamlanishi va xalqaro nufuzi yuksalishiga xizmat qildi”, deyiladi maktubda.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va UNESCO o‘rtasidagi yaqin va ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishga UNESCO Bosh direktori tomonidan alohida e’tibor qaratilayotganini yuksak qadrlashini ta’kidladi.

“Ochiq va sermahsul uchrashuvlarimiz sherikligimizning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va keng qamrovli mamlakat dasturini amalga oshirishga kirishishga imkon bergani haqidagi fikringizga to‘liq qo‘shilaman.

Sizning ko‘magingiz bilan "Xiva jarayoni” - Tashkilot faoliyatining butun kun tartibi bo‘yicha Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikning yangi platformasi ishga tushirildi. Ushbu tashabbus mintaqamizda UNESCO bilan amaliy hamkorlikning kengayishi va muhim vazifalarning ilgari surilishiga xizmat qilishi shubhasiz”, deyiladi maktubda.

Maktub yakunida davlat rahbari uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan yo‘llangan tabrik va iliq tilaklar uchun Odri Azulega minnatdorlik bildirib, unga mustahkam sog‘lik va olijanob faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

41

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing