Shavkat Mirziyoyev Serdar Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan qutladi

Jamiyat

image

Bugun, 22 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbari Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tilagan.

O‘zbekiston Prezidenti Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga o‘zining samimiy salomini aytgan. Turkmaniston Prezidenti, o‘z navbatida, davlat rahbariga Turkman xalqining milliy yetakchisi nomidan eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Suhbat davomida O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib borayotgani, energetika, transport va boshqa muhim sohalarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“Shovot – Toshhovuz” qo‘shma savdo zonasining samarali faoliyatini ta’minlash muhimligi ta’kidlangan.

Shuningdek, mintaqaviy kun tartibiga oid ayrim masalalar, jumladan, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi hamda Turkmanistonda bo‘lib o‘tadigan MDH sammitiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan fikr almashilgan.

Muloqot yakunida mamlakat yetakchisi birodar Turkmaniston Prezidenti va xalqini yaqin kunlarda nishonlanadigan milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan tabriklagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing