Shavkat Mirziyoyev Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 may kuni O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Davlat rahbari bugungi xavf-xatarlarlar ilg‘or xalqaro tajriba asosida samarali sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish naqadar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatganini alohida ta’kidlagan. Pandemiyaga qarshi kurashishda ko‘rsatilgan ko‘mak, shu jumladan aholini emlashda amalga oshirilayotgan samarali hamkorlik uchun minnatdorlik bildirilgan.

“Ustuvor yo‘nalishlarda, shu jumladan onkologiya, gematologiya, virusologiya, nefrologiya, transplantologiya, farmakologiya va boshqa sohalardagi qo‘shma dastur va aniq loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. “Elektron sog‘liqni saqlash” tizimini joriy qilish va telemeditsinani keng rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yuqori malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash borasidagi yaqin sheriklikni davom ettirish, jumladan, Toshkent shahrida Rossiyaning yetakchi N.I.Pirogov nomidagi tibbiyot universiteti filialining faoliyatini tez fursatda tashkil etish, shuningdek, Rossiyaning yetakchi klinikalari negizida vrachlar almashish va ularning malakasini oshirish dasturlarini kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko mamlakatimizda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, Rossiya o‘zbekistonlik sheriklar bilan sog‘liqni saqlash sohasidagi keng ko‘lamli tizimli hamkorlikni rivojlantirish hamda tibbiyotning turli sohalarida zamonaviy bilimlar va ilg‘or tajriba bilan bo‘lishishga tayyor ekanini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident

Baholaganlar

45

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing