Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Tashqi ishlar vazirini qabul qildi
Jamiyat
−
06 iyul 1661 2 daqiqa
Bugun, 6 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar va muhojirlar masalalari bo‘yicha vaziri Ayman Husayn Safadiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husaynning samimiy salomi va tilaklarini yetkazgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Iordaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
O‘tgan yili Samarqandda oliy darajada o‘tgan sermahsul muzokaralar ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Erishilgan kelishuvlar doirasida joriy yilda parlamentlararo do‘stlik guruhlari tuzilgan, Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning ilk yig‘ilishi o‘tkazilib, Ishbilarmonlar kengashi ta’sis qilindi, shuningdek, havo qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan.
Kelgusida siyosiy muloqotlarni faollashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning avgustida Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn O‘zbekistonga kelgandi. Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Sheriklik munosabatlarini mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qildi. Tashrif doirasida 15 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Shuningdek, Iordaniya podshohining davlat tashrifi doirasida u O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Iordaniyaning “An-Nahda” (“Renessans”) ordeni bilan taqdirladi. O‘zbekiston-Iordaniya sammiti yakunida birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Live
Barchasi