Shavkat Mirziyoyev ICESCO direktoriga orden berdi
Jamiyat
−
15:14 711 2 daqiqa
Bugun, 10 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi I Xalqaro forumida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Salim al-Malikni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbout xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Islom hamkorlik tashkilotining ushbu nufuzli instituti o‘rtasida ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Xalqaro tuzilma bilan amaliy hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida ICESCO kafedrasi faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda Toshkentda tashkilotning ofisi ochilgan. Fevral oyida Islom olami madaniy merosi qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, mamlakatning 7 ta moddiy va nomoddiy meros ob’ekti ICESCO ro‘yxatiga kiritilgan.

Muloqotda madaniy yodgorlik va qo‘lyozmalarni restavratsiyalash, muhofaza qilish hamda raqamlashtirish, O‘zbekistonning boy tarixiy merosini xalqaro media platformalari orqali keng targ‘ib qilish, shuningdek, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti mamlakat xalqining boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun Salim al-Malikni yuksak mukofot – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozodaga musulmon dunyosi ilm-faniga qo‘shayotgan ulkan hissasi uchun O‘zbekistonning “El-yurt hurmati” ordenini topshirgandi.
Live
Barchasi