Shavkat Mirziyoyev I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlandi

Jamiyat

image

Bugun, 30 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni I darajali “Manas” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qirg‘iz Respublikasining yuksak mukofotini davlat rahbariga Prezident Sadir Japarov topshirgan.

O‘zbekiston yetakchisi qardosh Qirg‘iziston Prezidenti va xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini mustahkamlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarini yangi tarixiy bosqich – ittifoqchilik darajasiga olib chiqishga qaratilgan mushtarak intilishlarning yuksak e’tirofi sifatida qabul qilishini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, 1996 yilda ta’sis etilgan “Manas” ordeni Qirg‘iz Respublikasining oliy davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. Respublika va xorij fuqarolariga davlatchilik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv rishtalarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva bilan birga Issiqko‘l viloyatidagi Cho‘lponota shahriga yetib borgani haqida xabar berilgan edi. U yerda mamlakat yetakchisini Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov hamda uning rafiqasi kutib oldi. Shuningdek, Chingiz Aytmatov nomidagi “Ruh Ordo” madaniyat markazida Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyevning Sadir Japarov bilan tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokidagi muzokaralari ham o‘tkazildi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing